
5 kiloga yaqin giyohvandlik moddasini reduktor ichiga yashirib, chegaradan olib o‘tmoqchi bo‘lganlar fosh etildi
Toshkent tumanidagi «Navoiy» chegara bojxona postiga Qozog‘istondan kirib kelgan shaxslarga tegishli 2 dona reduktor tekshirilganda, uning ichida 4 kg 965 gr «Klefedron» sintetik narkotik moddasi borligi ma’lum bo‘lgan.

O‘zbekiston bo‘ylab o‘tkazilayotgan «Xavfsiz va sog‘lom yurt» tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari hamkorligida Toshkent viloyatida qariyb 12,3 kg giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent tumanidagi «Navoiy» chegara bojxona postiga Qozog‘istondan kirib kelgan – Toshkent shahrida yashovchi, 1989 yilda tug‘ilganA.A. hamda Farg‘ona viloyatining Bog‘dod tumanida yashovchi, 1994 yilda tug‘ilgan M.A.ga tegishli 2 dona reduktor tekshirilganda, uning ichida 4 kg 965 gr «Klefedron» sintetik narkotik moddasi borligi aniqlangan.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilganda, Toshkent shahrida ushbu ajal og‘usini qabul qilib olgan, ularning yana 3 nafar sheriklari E.B., I.I. va O.J.lar ham qo‘lga olingan.
Aniqlanishicha, narkotik modda turli messenjerlar orqali giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanuvchi Rossiya Federatsiyasi fuqarosi tomonidan yuborilgan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246-moddasi 2-qismi va 25,273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Yana bir holatda, Zangiota tumanida yashovchi 1978 yilda tug‘ilgan fuqaroning uyida 5 kg hamda Qibray tumanida istiqomat qiluvchi, 1974 yilda tug‘ilgan D.A.ning uyida esa 2 kg 326 gr. «Marixuana» giyohvandlik vositalari saqlanayotganligi aniqlangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ular narkotik moddani yashash xonadonlarida yetishtirib, kelgusida sotish maqsadida saqlab kelishgan.
Hozirda ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chiroqchilik fuqaroning uyidan qariyb 21 kg giyohvand modda topilganligi haqida xabar berilgan edi.





