
7 yil ichida 30 foiz aholisi musulmon bo‘ladigan Rossiyada islomiy moliya davri boshlanmoqda
Davlat Dumasining moliya bozorlari qo‘mitasi islomiy bank tashkil etish bo‘yicha mamlakat ichidagi ishbilarmon doiralar va arab davlatlari bilan aloqalar o‘rnatgan.

Rossiyada islomiy bank tashkil etish bo‘yicha ishlar jadal olib borilmiqda. Bu haqda Rossiya Davlat Dumasi moliya bozorlari qo‘mitasi raisi Anatoliy Aksakov ma’lum qildi.
Aksakov Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi Tatariston Respublikasi poytaxti Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan tadbirda nutq so‘zladi.
Rossiyadagi ishbilarmon doiralar va musulmon jamoatchiligi vakillari bilan islomiy bank tashkil etish masalasini maslahatlashayotganini aytgan Aksakov: «Rossiyada islomiy bank tashkil qilish uchun intensiv tarzda ishlayapmiz. Bunday bankni tashkil etish bo‘yicha arab davlatlari bilan ham muzokaralar olib boryapmiz», — dedi u.
Rossiyadagi musulmonlarning butun aholi sonidagi ulushi 2033 yilga borib 30 foizga yetishi kutilayotgan bir paytda, islomiy bankchilik tizimi ham tobora ommalashib bormoqda.
Rossiyaning Tatariston, Checheniston va Dog‘iston kabi ayrim hududlarida islomiy bankchiligiga oid sinov loyihalari 2023 yil 1-sentabrdan boshlangan edi.





