
80 mingdan ortiq xorijlik O‘zbekistonga davolanish uchun keldi
2025 yilda mamlakatga davolanish maqsadida kelganlar orasida AQSH, Turkiya va Xitoy kabi davlat fuqarolari ham borligi ma’lum qilindi.

2025 yilning yanvar–noyabr oylarida O‘zbekistonga davolanish maqsadida jami 80 ming 653 nafar xorijiy fuqaro tashrif buyurdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, davolanish uchun kelgan xorijliklarning katta qismi qo‘shni davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Xususan, ushbu davrda Tojikistondan 55 ming 851 nafar, Qirg‘izistondan 14 ming 296 nafar va Qozog‘istondan 7 ming 633 nafar fuqaro O‘zbekistonda tibbiy xizmatlardan foydalangan.
Shuningdek, Rossiyadan 1 ming 820 nafar, Afg‘onistondan 678 nafar va Turkmanistondan 219 nafar fuqaro davolanish uchun kelgani qayd etildi. Bu raqamlar mintaqaviy tibbiy hamkorlikning barqaror rivojlanayotganini ko‘rsatadi.
E’tiborli jihati shundaki, O‘zbekiston tibbiy xizmatlaridan foydalanganlar orasida rivojlangan mamlakatlar fuqarolari bor. Xususan, Turkiyadan 47 nafar, AQSHdan 15 nafar va Xitoydan 15 nafar fuqaro mamlakatga davolanish maqsadida tashrif buyurgan.
Shuningdek, Ozarbayjondan esa 10 nafar fuqaro qayd etilgan. Bundan tashqari, qolgan 69 nafar bemor boshqa davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Avvalroq «O‘zbekiston-2030» strategiyasi loyihasida tibbiyot muassasalarini to‘liq raqamlashtirish va sohada 20 ta sun’iy intellekt loyihasini ishga tushirishni rejalashtirilgani haqida xabar bergandik.
Ma’lumot uchun, 2025 yilda O‘zbekistonda sun’iy intellekt yordamida bajarilayotgan tibbiy amaliyot turlari 43 taga yetkazilgan.





