Logo

9 oyda o‘zbekistonliklar kiberjinoyatlardan 1 trln so‘mdan ortiq zarar ko‘rdi

Bugun 17:432 daqiqa

2026-yilning yanvar-sentabr oylarida mamlakatda qariyb 70 mingta kiberjinoyat sodir etildi.

9 oyda o‘zbekistonliklar kiberjinoyatlardan 1 trln so‘mdan ortiq zarar ko‘rdi

2026-yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekistonda axborot texnologiyalari yordamida 69 962 ta jinoyat sodir etildi. Bu haqda 9-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashropov ma’lum qildi.

Uning aytishicha, jinoyatlarning asosiy qismi elektron to‘lov tizimlari orqali fuqarolarning pul mablag‘larini o‘zlashtirish bilan bog‘liq.

Ichki ishlar vazirligi Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Jahongir Sa’dullayevning ma’lum qilishicha, hisobot davrida kiberjinoyatlar oqibatida fuqarolarga 1 trln so‘mdan ortiq moddiy zarar yetkazilgan. Tergov harakatlari davomida esa 210 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ egalariga qaytarilgan.

Firibgarlikning to‘rt usuli

Sa’dullayev hozirda firibgarlar aholi mablag‘larini asosan to‘rtta usulda o‘zlashtirayotganini aytdi. Eng keng tarqalgan usul zararli APK fayllar orqali amalga oshiriladi. Uning ma’lum qilishicha, kiberjinoyatlarning qariyb 50 foizi shunday fayllar bilan bog‘liq.

Firibgarlar zararli dasturlarni to‘y taklifnomasi, fotosurat yoki ta’ziya xabari ko‘rinishida yuborishi mumkin. «Agar biz mana shu virusni bugun to‘xtatadigan bo‘lsak, undan jabr ko‘rayotgan 50 foiz xalqni saqlab qolgan bo‘lamiz», — dedi Sa’dullayev.

Ikkinchi keng tarqalgan usul — soxta havolalar. Shuningdek, firibgarlar qisqa vaqtda pulni bir necha baravar ko‘paytirishni va’da qiluvchi soxta investitsiya platformalaridan foydalanadi.

Kiberhujumlar asosan mamlakatdan tashqarida sodir etilyapti

Ramazon Ashropovning aytishicha, O‘zbekistonda sodir etilayotgan kiberjinoyatlarning 90 foizi chet davlatlardan turib, transchegaraviy tarzda amalga oshirilmoqda.

U fuqarolarni ijtimoiy tarmoqlar orqali kelgan noma’lum fayllarni, ayniqsa APK formatdagilarni ochmaslik va yuklab olmaslikka chaqirdi. Fayl yaqin insondan kelgan bo‘lsa ham, uning xavfsizligiga ishonch hosil qilish zarur.

Ashropov, shuningdek, telefon orqali shaxsiy ma’lumotlar, parol va tasdiqlash kodlarini so‘raydigan shaxslardan ehtiyot bo‘lishni tavsiya qildi.

Sa’dullayev esa pul noqonuniy yechib olinganini sezgan fuqarolarni darhol 102 raqamiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, tezkor xabar berish mablag‘ni saqlab qolish imkoniyatini oshiradi.

Teglar

Mavzuga oid

9 oyda o‘zbekistonliklar kiberjinoyatlardan 1 trln so‘mdan ortiq zarar ko‘rdi | Vaqt.uz