«Air Arabia» Samarqand, Buxoro va Xivaga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yishi mumkin
O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi va «Air Arabia» aviakompaniyasi vakillari bilan mamlakatga yangi aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish hamda xorijiy sayyohlar oqimini oshirish masalalarini muhokama qildi.

O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi va «Air Arabia» aviakompaniyasi vakillari mamlakatga yangi aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish va xorijiy sayyohlar oqimini oshirish masalalarini muhokama qildi. Uchrashuvda Samarqand, Buxoro, Xiva va boshqa turistik markazlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Hozirda «Air Arabia» O‘zbekistonga Toshkent va Namangan orqali qatnovlarni amalga oshiradi. Toshkentdan Sharja va Abu Dabi yo‘nalishlarida haftasiga jami 13 ta reys bajarilmoqda. Muzokaralarda mavjud yo‘nalishlardagi qatnovlar sonini ko‘paytirish masalasi ham ko‘tarildi.
Yangi sayyohlar oqimi
Tomonlar Yevropa, Yaqin Sharq, Osiyo va Shimoliy Afrikadan O‘zbekistonga tranzit sayyohlarni jalb qilish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqdi. Bu aviakompaniyaning xalqaro yo‘nalishlaridan foydalanib, mamlakatga keluvchi sayyohlar sonini oshirishga qaratilgan.
Hamkorlik doirasida «Air Arabia»ning raqamli platformalarida O‘zbekistonning turistik salohiyatini targ‘ib qilish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, maxsus turistik paketlar va qo‘shma reklama kampaniyalarini ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Aviakompaniya O‘zbekistonga tashkil etiladigan axborot safarlarida qatnashuvchi blogerlar va inflyuenserlarning aviachipta xarajatlarini qoplashda yordam berishga tayyorligini bildirgan.
Uchrashuvda «Air Arabia» samolyotlarida O‘zbekistonning turistik yo‘nalishlari haqida axborot materiallarini joylashtirish masalasi ham muhokama qilindi.
«Umra plyus» hamkorligi
Bundan tashqari, «Umra plyus» loyihasi doirasida hamkorlik qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Loyiha ziyorat safarlarini O‘zbekistonning turistik maskanlariga tashriflar bilan birlashtirish imkoniyatlarini nazarda tutadi.
Uchrashuv yakunida turistik oqimni oshirish va aviaqatnovlar orqali turizmni rivojlantirishga qaratilgan amaliy kelishuvlarga erishilgani ma’lum qilindi. Biroq yangi yo‘nalishlar bo‘yicha yakuniy qarorlar va reyslar jadvali hozircha e’lon qilinmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar qayta yo‘lga qo‘yilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.





