Logo

Chet elda o‘zbek restorani ochgan tadbirkorlarga xarajatlarining yarmi qaytariladi

Bugun 09:302 daqiqa

Endi xorijda milliy taomlar restoranini tashkil etayotgan yoki allaqachon ochgan o‘zbekistonlik tadbirkorlar xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini davlat subsidiyasi sifatida qaytarib olishi mumkin.

Chet elda o‘zbek restorani ochgan tadbirkorlarga xarajatlarining yarmi qaytariladi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlar xorijda o‘zbek milliy taomlariga ixtisoslashgan restoran ochish bilan bog‘liq xarajatlarining 50 foizigacha qismini davlat subsidiyasi sifatida qaytarib olishi mumkin. Bu haqda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali ma’lum qildi.

Xizmat Turizm qo‘mitasi tomonidan «my.gov.uz» portali orqali bepul ko‘rsatiladi.

Arizalar elektron tarzda qabul qilinadi. Taqdim etilgan hujjatlar 18 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.

Agar ariza ma’qullansa, subsidiya mablag‘lari yetti ish kuni ichida tadbirkorning bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.

Qanday hujjatlar kerak?

Subsidiya olish uchun tadbirkor restoranning xorijda ro‘yxatdan o‘tganini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi kerak. Shuningdek, restoran joylashgan binoning egalik yoki foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar talab qilinadi.

Restoranning sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligi ham hujjatlar bilan tasdiqlanishi lozim. Bundan tashqari, tadbirkor restoranni ochish bilan bog‘liq amalga oshirilgan xarajatlarni tasdiqlovchi ma’lumotlarni taqdim etishi kerak.

Zaruratga ko‘ra, O‘zbekistondan mahsulot yetkazib berilganini tasdiqlovchi hujjatlar ham so‘raladi. Restoranning ichki va tashqi ko‘rinishini aks ettiruvchi fotosuratlar ham arizaga ilova qilinishi shart.

Agar taqdim etilgan hujjatlarda kamchiliklar aniqlansa, ularni bartaraf etib, arizani qayta topshirish mumkin.

Subsidiyaning huquqiy asosi

Ushbu tartib uchun huquqiy asos sifatida Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-sentabrdagi 482-son qarori keltirilgan. Hujjat mehmonxonalar, umumiy ovqatlanish korxonalari va restoranlar faoliyatini targ‘ib qilish, shuningdek, xorijda o‘zbek milliy taomlariga ixtisoslashgan restoranlar tashkil etgan mahalliy tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash choralarini nazarda tutadi.

Teglar

Mavzuga oid