Logo

8 yilga qamalgan sobiq imom Odilxon Ismoilov ozodlikka chiqdi

Bugun 21:412 daqiqa

«Rayxon oilaviy milliy taomlari» ta’sischisi Odilxon Ismoilovga tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartli jazoga almashtirildi. Apellyatsiya instansiyasi qarori bilan u sud zalidan ozod etildi.

8 yilga qamalgan sobiq imom Odilxon Ismoilov ozodlikka chiqdi © Odilxon Ismoilov / Foto: Xalqaro press klub

«Rayxon oilaviy milliy taomlari» ta’sischisi Odilxon Ismoilov qamoqdan ozod qilindi. Namangan viloyati sudining apellyatsiya instansiyasi unga tayinlangan jazoni shartli deb hisoblab, uch yillik sinov muddati belgiladi. Bu haqda Namangan viloyati sudlari matbuot xizmati xabar berdi.

Apellyatsiya sudi qarorida jinoyat ishi doirasida yetkazilgan zararning bir qismi naqd pul shaklida depozit hisob raqamiga topshirilgani, shuningdek, boshqa holatlar inobatga olingan. Sud Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi bo‘yicha tayinlangan jazoni o‘zgartirib, uni shartli deb hisoblagan.

Odilxon Ismoilov nima uchun qamalgan edi?

2026 yil 20-iyul kuni Pop tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudi Odilxon Ismoilov va yana olti nafar sudlanuvchiga nisbatan hukm chiqargan edi. Ismoilov o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, soxta tadbirkorlik va boshqa jinoyatlarda aybdor deb topilgan.

Birinchi instansiya sudi unga sakkiz yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan. Jinoyat kodeksining 62-moddasi qoidalari hisobga olinganida, jazo muddati 7 yil 11 oy 28 kunni tashkil etgan. Qolgan sudlanuvchilarga ham jinoiy harakatlaridan kelib chiqib, turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazolari berilgan.

Sud hukmiga ko‘ra, jinoyat ishi doirasida yetkazilgan moddiy zarar sudlanuvchilardan solidar tartibda undirilishi belgilangan edi.

Ismoilov 2026 yil yanvar oyida qamoqqa olingan. Tergov davomida unga Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari, jumladan, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, soxta tadbirkorlik, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash va hujjatlarni qalbakilashtirishga oid moddalar bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan edi.

Odilxon Ismoilov kim?


Odilxon Ismoilov 1977 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan. U jamoatchilikka sobiq imom-xatib va «Rayxon oilaviy milliy taomlari» ta’sischisi sifatida tanilgan.

U 2010 yildan Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. 2011 yildan 2018 yil iyuligacha Shayxontohur tumani bosh imom-xatibi va «Shayx Zayniddin» jome masjidi imom-xatibi vazifalarini bajargan.

2018 yil iyulida O‘zbekiston musulmonlari idorasi uni lavozimidan ozod etgan. Idora bu qarorga Ismoilovning internet orqali tasdiqlanmagan xabarlarni tarqatgani va sog‘lig‘i sababli vazifalarini bajarishda qiynalganini asos qilib ko‘rsatgan.

2019 yildan u «Vaqf» xayriya jamoat fondida faoliyat yuritgan. O‘sha yilning fevralida Toshkent shahridagi «Xo‘ja Alambardor» masjidiga imom-xatib etib tayinlangan, sentabr oyida esa sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar sababli o‘z xohishiga ko‘ra lavozimidan ozod etilgan.

Teglar

Mavzuga oid