Hafta dayjesti — muhim voqealar sharhi
4 million 250 ming dollar pora talab qilgan shaxs ushlandi, sudlarda hukmlar o‘qildi, Centrum Air yana jamoatchilik muhokamasi markaziga chiqdi. Erkinjon Turdimov bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vaziri etib tayinlandi, Migratsiya agentligining sobiq rahbari Behzod Musayev esa «Vatandoshlar» jamoat fondi boshqaruvi raisi bo‘ldi. O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari qariyb 5,5 milliard dollarga kamaydi, UzAuto’ni xususiylashtirish masalasi esa yana kun tartibiga chiqdi.
Centrum Air yana janjallar markazida: bagajlar qoldi, yo‘lovchi reysdan tushirildi
Deyarli har hafta yoki oyda odamlarning noroziligiga sabab bo‘ladigan bir masala bor. Bu — Centrum Air. Ushbu aviakompaniya haqida gap ketsa, yo‘lovchilarning aytadigan gapi ko‘p. Samolyot kechikadi, yo‘lovchi yetib boradi-yu, yuki qolib ketadi. Xizmat sifatidan noroziliklar ham yangilik emas. Afsuski, bu muammolar hali-hanuz takrorlanmoqda.
O‘tgan haftaning oxirgi kuni, ya’ni 4-oktabrda Centrum Air yo‘lovchilarining 100 ga yaqin bagajlari Istanbulda qoldirib ketilgani haqida xabarlar e’lon qilindi. Ma’lum bo‘lishicha, aviakompaniyaning Istanbul–Farg‘ona reysida uchgan yo‘lovchilarning 99 ta bagaji Istanbulda qolib ketgan. Holat bo‘yicha aviakompaniya munosabat bildirib, havo kemasiga yuk ortishda ekspluatatsion cheklovlar joriy etilgani va qaror parvozlar xavfsizligi talablariga qat’iy muvofiq ravishda qabul qilinganini aytdi.
Kompaniya doimgidek, yo‘lovchilardan yuzaga kelgan noqulaylik uchun uzr so‘ragan. Keyinchalik tarmoqlarda bagajini olgan yo‘lovchilar muammo bartaraf etilganini aytib, video joylashtirdi. Ularning ayrimlari kompensatsiya puli to‘lab berilganini ham aytgan.
Bu hafta Centrum Air kompaniyasi ustidan qora bulutlar ketmadi. 5-oktabr kuni Centrum Air aviakompaniyasining Samara–Toshkent reysiga bir yo‘lovchi chiqarilmadi. Holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi va katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Yo‘lovchining so‘zlariga ko‘ra, bort kuzatuvchisi undan samolyotdan chiqishini so‘ragan. U nima sababdan chiqarib yuborilganini tushunmaganini aytgan.
Aviakompaniya matbuot xizmatiga ko‘ra, yo‘lovchi bort kuzatuvchisiga nisbatan tajovuzkor munosabatda bo‘lgan va uning ishiga xalaqit bergan. Shu sababli havo kemasi komandiri uni parvozga qo‘ymaslikka qaror qilgan. Kompaniyaga ko‘ra, hodisaning barcha tafsilotlari hujjatlashtirilgan. Aviakompaniya mazkur fuqaroning xatti-harakatlari yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Bir joydan ikkinchi joyga uchishda sarson bo‘lgan yo‘lovchi O‘zbekistonga qaytgach, kompaniya xodimlari bilan uchrashgan. Bort kuzatuvchisi undan uzr so‘ragan. Aytilishicha, xodima ishdan bo‘shatilgan, sarson bo‘lgan yo‘lovchiga esa kompensatsiya puli to‘lab berilgan.
Bloger Sirojiddin Odilov 4 yilga qamaldi, «Real Sanjik»ning jazosi o‘zgarishsiz qoldirildi
Bu hafta jamoatchilik e’tiboridagi ikki sud ishi yakuniga yetdi. Deyarli uch oy davom etgan bloger Sirojiddin Odilovning sud ishi 5-oktabr kuni yakunlandi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzacho‘l tuman sudining hukmi bilan fuqaro Sirojiddin Sayfiddinovich Odilov uch fuqaroga nisbatan firibgarlik va tovlamachilik jinoyatlarini sodir etganlikda aybdor deb topildi va 4 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Jazoni manzil-koloniyada o‘tash belgilandi.
«Real Sanjik» nomi bilan tanilgan Sanjar Karimovning apellyatsiya shikoyati bo‘yicha ham sud hukmi o‘qildi. 8-oktabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida yakunlangan ishda Sanjar Karimovga Jinoyat kodeksining 168-moddasi uchinchi qismi «a» bandi bilan tayinlangan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘zgarishsiz qoldirildi. Jinoyat kodeksining 59–61-moddalariga asosan tayinlangan har xil turdagi jazolarni to‘liq qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi hamda bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravari miqdorida, ya’ni 136 million so‘m jarima jazosi tayinlangan.
Shuningdek, Jinoyat kodeksining 61-moddasiga asosan tayinlangan jazolar alohida-alohida ijro etilishi belgilangan. Hukmning qolgan qismi o‘zgarishsiz qoldirilgan, apellyatsiya shikoyatlari esa qisman qanoatlantirilgan.
Kutilmagan vazir tayinlovi
Bu hafta o‘zbekistonliklar muhokama qilgan mavzulardan yana biri — yangi tashkil etilgan Ta’lim va ilm-fan vazirligiga kim rahbar bo‘lishi. Taxminlar orasida Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, sobiq oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov, sobiq xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov hamda Hilola Umarovaning nomlari tilga olindi.
Prezident farmoni bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi negizida yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi tashkil etildi. Rasmiy izohda islohotdan maqsad ta’lim, tarbiya va ilm-fanni yagona tizim asosida boshqarish, ta’lim sifatini oshirish hamda inson kapitalini rivojlantirish ekani qayd etilgan.
Yangi vazirlik tashkil etilishi ortidan avvalgi rahbarlar ham boshqa lavozimlarga o‘tkazildi. 2024-yilda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri etib tayinlangan Qo‘ng‘irotboy Sharipov Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori bo‘ldi. 2025-yilda maktabgacha va maktab ta’limi vaziri bo‘lgan E’zoza Karimova Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Yuqorida nomlarini sanagan nomzodlarimizdan hech biri vazir bo‘lmadi. Bu lavozim shu vaqtgacha Samarqand va Sirdaryoni boshqargan Erkinjon Turdimovga nasib qildi. Endi Turdimov shunchaki vazir emas, balki bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vaziri bo‘ldi. Uning nomzodi 9-oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan tasdiqlangan.
Haftaning yana bir shov-shuvli tayinlovi esa Behzod Musayevning yangi lavozimga tayinlanishi bo‘ldi. Migratsiya agentligining sobiq direktori Behzod Musayev yangi lavozimga tayinlandi. U «Vatandoshlar» jamoat fondi boshqaruvi raisi bo‘ldi. Musayev sentabr boshida Migratsiya agentligi direktori lavozimidan ozod etilgan, uning o‘rnini O‘zbekistonning Yaponiyadagi sobiq elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov egallagandӣ. Musayev rahbarlik qilgan davrda agentlik faoliyati, xususan, Janubiy Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq masalalar jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan edi.
Moped va skuter haydovchilariga guvohnoma nega kerak?
Bugun mashina haydash uchun «prava» olishning o‘zi bir kurash bo‘lib turgan paytda, endi moped va skuter haydovchilariga ham guvohnoma kerak. Bu masala ikki yildan beri o‘zgarib keladi: avval muddat belgilandi, keyin surildi, oxiri A1 toifasi joriy qilindi. Xo‘sh, bunga nima sabab? Yo‘llardagi vaziyat chindan ham shuni talab qilyaptimi?
Moped va skuterlar uchun guvohnoma talabi 2024-yilda belgilangan, ammo bir necha bor o‘zgartirilgan. 2026-yil 1-yanvardan A1 kichik toifasi kuchga kirdi. Uni olish uchun avtomaktabda o‘qish shart emas: mustaqil tayyorlanib, imtihon topshirish mumkin. 20 ta savoldan kamida 16 tasiga to‘g‘ri javob berish kerak. «A», «B», «C» yoki «D» toifasi borlardan esa A1 talab qilinmaydi.
Xo‘sh, bu talablar nega kerak bo‘ldi? Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida moped va skuterlar ishtirokida 563 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. 488 kishi jarohatlangan, 89 kishi halok bo‘lgan. Qoidabuzarliklar soni ham keskin oshgan: o‘tgan yilgi qariyb 300 ta holatga qarshi, bu yil 4 312 ta holat aniqlangan.
Mirziyoyevning haftasi: Putin bilan muloqot, Turkmanistondagi uchrashuv
O‘tib borayotgan haftada prezident Shavkat Mirziyoyev nimalar bilan band bo‘ldi? Keling, birgalikda ko‘rib chiqamiz. 5-oktabr kuni Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi. Shu kuni neft-gaz sohasidagi yirik loyihalar ham ko‘rib chiqildi.
6-oktabrda LUKOIL asoschisi Vagit Alekperov va FAO bosh direktori bilan uchrashdi. Qish mavsumida ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash masalalari ham muhokama qilindi.
7-oktabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilib, uni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi. Shundan so‘ng Turkmanistonga jo‘nab ketdi. 8-oktabrda «Avaza»da Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarboyjon rahbarlarining maslahat uchrashuvida qatnashdi. Unda mintaqaviy savdo, transport, energetika va suv resurslari bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan uchrashuvda strategik sheriklik kengashini tuzish to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Shu tariqa, hafta prezident kun tartibida energetika, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va mintaqaviy hamkorlik masalalari bilan o‘tdi.
Yer uchun 4,25 million dollar pora talab qilindi
Hozir aytadigan pul miqdorimni siz bilan biz tushimizda ham ko‘rmaganmiz, ammo ayrimlar uni pora sifatida talab qilmoqda. 4 million 250 ming dollar!
Toshkent viloyatida bank bo‘limi boshlig‘i fuqarodan yer maydonlarini rasmiylashtirib berish evaziga shuncha pul talab qilgan. U so‘ralgan mablag‘ning 100 ming dollarini oldindan olayotganida DXX xodimlari tomonidan qo‘lga tushgan. Gap Quyi Chirchiq tumanidagi jami 20 gektardan ortiq yer maydoni haqida ketmoqda. Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
UzAuto monopoliyasi tugaydimi? Xorijiy kompaniyalar qiziqish bildirmoqda
Ko‘pchilik o‘zbekistonliklar avtomobil bozorida raqobat kuchayishini kutayotgan bir paytda, «UzAuto Motors» va «UzAuto Powertrain» kompaniyalarini xususiylashtirish jarayoni yangi bosqichga o‘tdi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov 8-oktabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ushbu korxonalarni sotib olishga AQSH, Janubiy Koreya va Xitoy kompaniyalari qiziqish bildirganini ma’lum qildi.
Uning aytishicha, xususiylashtirish ishlari ikki yil oldin boshlangan. Jarayonga xalqaro konsalting kompaniyasi «Alvarez & Marsal» jalb etilgan. Hozirda xususiylashtirish ssenariysi va xalqaro savdolarni tashkil etuvchi konsultantni aniqlash ishlari olib borilmoqda. Keyingi bosqichda korxonalar xalqaro miqyosda baholanadi, ularning moliyaviy va boshqa faoliyat ko‘rsatkichlari tekshiriladi. Shundan so‘ng potensial investorlarning dastlabki, keyin esa majburiyatli takliflari qabul qilinadi. Eng yaxshi takliflarni bergan investorlar bilan muzokaralar olib boriladi.
Agentlik rahbari kompaniyalarga qiziqish bildirilgani ulardan biri albatta tanlanadi, degani emasligini alohida ta’kidladi. Savdolar ochiq va xalqaro tartibda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Xo‘sh, bu jarayon UzAuto monopoliyasi tugashini anglatadimi? Hozircha bunday xulosa qilishga erta. Xususiylashtirishning o‘zi bozorda raqobat kuchayishi yoki avtomobillar narxi tushishini kafolatlamaydi. Buning uchun investor kim bo‘lishi, savdo qanday shartlarda o‘tishi va bozorda boshqa ishlab chiqaruvchilar uchun qanday imkoniyatlar yaratilishi muhim.
O‘zbekiston zaxiralari bir oyda 5,5 milliard dollarga kamaydi. Pul qayerga ketdi?
O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari sentabr oyida qariyb 5,5 milliard dollarga kamaydi. Rasmiy ma’lumotlarda zaxiralar hajmi 72,1 milliard dollardan 66,6 milliard dollarga tushgani ko‘rsatilgan. Bunda asosiy o‘zgarish oltin qiymati bilan bog‘liq. Bir troy unsiya oltinning narxi 4 602 dollardan 4 188 dollarga tushgan. Natijada oltin zaxiralarining dollar hisobidagi qiymati qariyb 4,8 milliard dollarga kamayib, 60,1 milliard dollarni tashkil etgan.
Qizig‘i, oltinning fizik hajmi kamaymagan: aksincha, zaxiradagi oltin miqdori 14,1 million unsiyadan 14,3 million unsiyaga oshgan. Demak, zaxiralar qiymatining pasayishiga oltin narxidagi o‘zgarish katta ta’sir ko‘rsatgan. Valuta zaxiralari ham 6,6 milliard dollardan 5,9 milliard dollarga kamaygan. Shu bilan birga, ayrim tahlilchilar oltin narxi 2027-yilda bir unsiya uchun 5 ming dollardan oshishi mumkinligini prognoz qilmoqda. Bu — prognoz, kafolatlangan natija emas.
Demak, xalqaro zaxiralarning dollar hisobida kamayishi oltin yoki boshqa aktivlar shuncha miqdorda sarflab yuborilganini anglatmaydi. Zaxiralarning qiymati jahon bozoridagi narxlarga ham bog‘liq.
Rossiya va Ukrainadagi urush: zarbalar davom etmoqda
«Qo‘shning tinch bo‘lsa, sen tinchsan», deb bekorga aytishmagan. Biz Rossiya bilan chegaradosh bo‘lmasak-da, u yerdagi voqealar bizga ham ta’sir qila boshlagan. Birinchidan, Rossiyada o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari juda ko‘p. Ikkinchidan, Rossiya O‘zbekistonning yaqin strategik hamkorlaridan biri.
Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush hamon davom etmoqda. U yerda odamlar hanuz portlashlar ovozini eshityapti, urush esa iqtisodiyot va siyosatga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Bunday o‘zgarishlar O‘zbekistonga ham ta’sir qilmay qolmaydi.
«Reuters» agentligining yozishicha, 5–8-oktabr kunlari Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi o‘zaro hujumlar davom etdi. 5-oktabr kuni Rossiyaning Xarkovga bergan zarbalari oqibatida olti kishi halok bo‘ldi, 59 kishi yaralandi. Turarjoy binolari va omborlarga zarar yetdi.
6-oktabrga o‘tar kechasi Ukraina dronlari Moskva va uning atrofidagi hududlarga hujum qildi. Moskva viloyati gubernatori ikki kishi halok bo‘lgani, kamida yetti kishi yaralanganini ma’lum qildi. Turarjoylar va avtomobillarga ham zarar yetgan.
7-oktabr kuni Rossiya Ukraina bo‘ylab raketa va dronlar bilan keng ko‘lamli hujum uyushtirdi. Eng og‘ir oqibatlardan biri Chernigov viloyatidagi Priluki shahrida kuzatildi. Turarjoy binosiga berilgan zarba oqibatida 22 kishi, jumladan, besh bola halok bo‘ldi. Kiyev va boshqa hududlarda ham qurbonlar va yaradorlar qayd etildi.
8-oktabr kuni esa Ukrainaning Kramatorsk shahrida avtobuslar yaqiniga tushgan Rossiya bombasidan kamida 35 kishi halok bo‘ldi. Kiyevda ham hujumlar oqibatida to‘rt kishi halok bo‘ldi, 19 kishi yaralandi. Ayrim hududlarda elektr va suv ta’minotida uzilishlar kuzatildi. Urushning bu kunlardagi oqibatlari yana bir bor oddiy aholi va fuqarolik infratuzilmasi ham jiddiy zarar ko‘rayotganini ko‘rsatdi.
Uzum Market nega ishlamay qoldi? Yandex’dagi yong‘in bilan bog‘liqmi?
O‘zbekistonda ham shu kunlarda ko‘pchilik foydalanadigan Uzum Market faoliyatida katta texnik uzilish kuzatildi. Foydalanuvchilar ilova va sayt bilan bog‘liq muammolarga duch keldi, buyurtmalarni rasmiylashtirish va topshirishda ham uzilishlar bo‘ldi. Qizig‘i, 8-oktabr kuni Rossiyaning Sasovo shahridagi Yandex ma’lumotlar markaziga dron hujumi oqibatida yong‘in chiqdi. Yandex kompaniyasi bu markaz uning beshta yirik ma’lumotlar markazidan biri ekani, hodisadan keyin markaz faoliyati to‘xtatilganini bildirdi.
«Reuters» xabariga ko‘ra, kompaniya ayrim xizmatlarni tiklash ustida ishlagan. Shu sababli ijtimoiy tarmoqlarda Uzum Market’dagi uzilish ham Yandex’dagi hodisa bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi muhokama qilindi. Biroq bu ikki hodisa o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik tasdiqlanmagan. Uzum nosozlikni tizimlarni rejali yangilash jarayonida yuzaga kelgan texnik muammo bilan izohlagan.
Bu voqea muhim savolni o‘rtaga chiqardi: biz har kuni foydalanadigan raqamli xizmatlar favqulodda vaziyatlarda ishlashni davom ettirishga qanchalik tayyor?
Chunki bitta texnik nosozlikning o‘zi ham xaridorlar, sotuvchilar va buyurtmalar tizimiga ta’sir qilishi mumkin.
Xullas, bu hafta ham sudlarda hukmlar o‘qildi, millionlab dollarlik pora talablari fosh bo‘ldi, iqtisodiyotda muhim qarorlar va o‘zgarishlar muhokama qilindi. Bir tomonda milliardlab dollarlik zaxiralar, boshqa tomonda esa oddiy yo‘lovchining aeroportdagi muammosi. Katta raqamlar, rasmiy uchrashuvlar ortida hamisha odamlarning hayoti turadi. Biz esa hafta davomida sodir bo‘lgan voqealarni shunchaki sanab o‘tish emas, ularning ortida nima borligini tushunishga harakat qildik. Haftaning eng muhim voqealari shu edi. Biz bilan qoling — voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.
Teglar






