Logo

O‘zbekiston va Qozog‘istonda «Yandex Go» xizmatida uzilishlar kuzatilmoqda

Bugun 11:102 daqiqa

Bu holat Rossiyada kompaniyaning ma’lumotlar markazlariga ketma-ket dron hujumlari uyushtirilganidan so‘ng yuz bermoqda.

O‘zbekiston va Qozog‘istonda «Yandex Go» xizmatida uzilishlar kuzatilmoqda © cpomagazine.com

O‘zbekistonning qator shaharlarida 11-oktabr kuni «Yandex Go» taksi xizmatidan foydalanishda muammolar yuzaga keldi. Xuddi shunday uzilishlar Qozog‘istonda ham qayd etilgan.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining xabar berishicha, O‘zbekistonda ilova orqali taksi buyurtma qilishga uringanda xizmat vaqtincha ishlamayotgani va besh daqiqadan so‘ng qayta urinib ko‘rish mumkinligi haqida ogohlantirish paydo bo‘lmoqda.

Qozog‘istonning Informburo.kz nashri xabariga ko‘ra, mamlakatda «Yandex Go» xizmatlari kompaniyaning Rossiyaning Vladimir shahridagi ma’lumotlar markaziga qilingan hujumdan so‘ng vaqtincha ishlamay qolgan.

1

Xususan, 11-oktabr kuni tongda Rossiyaning TASS nashri Vladimirdagi «Yandex» ma’lumotlar markazi faoliyati dronlar hujumidan so‘ng butunlay to‘xtatilgani haqida xabar berdi.

Ma’lumotlar markaziga qilingan hujum ichki va foydalanuvchi servislariga ta’sir ko‘rsatgani aytilmoqda. Dastlab xodimlar — kurerlar, taksichilar va qo‘llab-quvvatlash xizmati xodimlari foydalanadigan xizmatlar ishlamay qolgan.

Shuningdek, taksi haydovchilari va kurerlar ro‘yxatdan o‘tadigan «Yandeks Pro» ilovasi ham o‘z faoliyatini butunlay to‘xtatdi.

O‘zbekistondagi uzilishlar ham aynan shu hodisa bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, chunki bunday holatlar hafta davomida yuz berdi.

Dron hujumlari ketma-ket davom etmoqda

9-oktabr kuni Rossiyaning Kaluga shahrida «Yandex» kompaniyasining ma’lumotlar markazi dronlar hujumiga uchradi. Kompaniya hujum oqibatida infratuzilmaning bir qismi shikastlanganini bildirgan.

Bungacha, 8-oktabrga o‘tar kechasi Ryazan viloyatining Sasovo shahrida joylashgan kompaniya ma’lumotlar markazida ham dronlar hujumidan so‘ng yong‘in chiqqan edi.

Avvalroq Rossiyadagi «Wildberries» omborlariga ham dron hujumlari uyushtirilgan edi. Buning ortidan Kotovsk shahrida joylashgan «Wildberries» logistika markazi butunlay yonib ketib, hujum oqibatida ikki kishi jarohatlangan.

Nosozlik yana qayerlarda kuzatildi?

«Yandex Go» xizmatidagi uzilishlar faqat O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan cheklanmagan. Foydalanuvchilar va OAV xabarlariga ko‘ra, Rossiya, Armaniston, Belarus, Serbiya va Gruziyada ham xizmat faoliyatida muammolar kuzatilgan.

Rossiyada 9-oktabr kuni Moskva, Sankt-Peterburg, Samara, Novosibirsk va boshqa hududlarda taksi buyurtma qilish imkonsiz bo‘lgani, server xatolari yuzaga kelgani va ilovaning sekin ishlagani haqida bir nechta internet-nashrlari xabar bergan.

Qozog‘istonda Ostona, Olmaota va Aqto‘be shaharlarida ilovaning ayrim funksiyalari ishlamay qolgan. Ayrim foydalanuvchilar taksi buyurtmasini qabul qilgandan keyin ham nosozliklarga duch kelganini bildirgan.

Shuningdek, Armaniston, Belarus va Serbiyada ham «Yandex Go» xizmatida uzilishlar mavjud. Gruziyaning Tbilisi shahrida esa server xatolari sabab taksi buyurtma qilish va ilovaning boshqa funksiyalaridan foydalanishda qiyinchiliklar kuzatilgani aytilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid