O‘zbekiston sanoatida ishlab chiqarish 6,8 foizga o‘sdi
2025-yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 1,2 trln so‘mga yetdi. Sanoatdagi korxonalar soni 7 foizga, bandlar soni esa 9,3 foizga ko‘paydi.
© Prezident matbuot xizmatiIqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekiston sanoatining 2024–2025 yillardagi rivojlanish ko‘rsatkichlarini tahlil qildi. Tahlil natijalariga ko‘ra, o‘tgan yili ishlab chiqarish hajmi, faoliyat yuritayotgan korxonalar soni va sanoatda band aholi soni bir vaqtning o‘zida o‘sgan.

Sanoat ishlab chiqarishi 1,2 trln so‘mdan oshdi
2025-yilda O‘zbekistonda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 1 163,2 trln so‘mni tashkil etdi. 2024-yilda bu ko‘rsatkich 958,1 trln so‘m bo‘lgan. Yil davomida sanoat ishlab chiqarishining real o‘sish sur’ati 6,8 foizga yetdi.
Ishlab chiqarish hajmi bilan birga tarmoqda faoliyat yuritayotgan korxonalar soni ham oshdi. 2025 yilda ularning soni 59,5 mingtaga yetib, bir yilda 7 foizga yoki qariyb 3,9 mingtaga ko‘paydi.
Sanoatda bandlar soni 1,89 mln nafarga yetdi
2025 yilda sanoat tarmog‘ida band aholi soni 1,89 mln nafarni tashkil qildi. Bu 2024 yilga nisbatan 160,5 ming nafarga yoki 9,3 foizga ko‘p.
Shunday qilib, sanoatda bandlikning o‘sish sur’ati ishlab chiqarishning real o‘sish sur’atidan yuqori bo‘ldi. Biroq ushbu ko‘rsatkichlarning o‘zi mehnat unumdorligi qanday o‘zgarganini aniq baholash uchun yetarli emas.
Qayta ishlash sanoati mahsulotlarning 84,5 foizini ta’minladi
Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda qayta ishlash sanoati asosiy o‘rinni egalladi. 2025 yilda jami sanoat mahsulotlarining 84,5 foizi ushbu tarmoq hissasiga to‘g‘ri keldi.
Qolgan qismning 8,4 foizi elektr, gaz ta’minoti va havoni konditsiyalash, 6,6 foizi tog‘-kon sanoati, 0,5 foizi esa suv ta’minoti, kanalizatsiya va chiqindilarni boshqarish sohasi hissasiga to‘g‘ri keldi.

Qayta ishlash sanoatining ulushi korxonalar tarkibida yanada yuqori bo‘ldi. Jami faoliyat yuritayotgan sanoat korxonalarining 92,7 foizi shu tarmoqda jamlangan. Tog‘-kon sanoatining ulushi 4,3 foiz, suv ta’minoti va chiqindilarni boshqarish sohasiniki 1,9 foiz, elektr va gaz ta’minoti hamda havoni konditsiyalash sohasiniki esa 1,1 foizni tashkil etdi.
Sanoatdagi bandlikning qariyb 90 foizi qayta ishlash tarmog‘iga to‘g‘ri keldi

Bandlik taqsimotida ham qayta ishlash sanoati yetakchilik qildi. 2025 yilda sanoatda ishlovchilarning 89,9 foizi ushbu tarmoqda mehnat qildi.
Elektr, gaz ta’minoti va havoni konditsiyalash sohasining bandlikdagi ulushi 3,7 foizni, tog‘-kon sanoatiniki 3,5 foizni, suv ta’minoti, kanalizatsiya va chiqindilarni boshqarish sohasiniki esa 2,8 foizni tashkil etdi.
Umuman, 2025 yil yakunlari O‘zbekiston sanoatida ishlab chiqarish hajmi, korxonalar soni va bandlik o‘sganini ko‘rsatadi. Qayta ishlash sanoatining mahsulot ishlab chiqarishdagi 84,5 foizlik, korxonalar sonidagi 92,7 foizlik va bandlikdagi 89,9 foizlik ulushi uni mamlakat sanoatining asosiy tayanch tarmog‘i ekanini ko‘rsatadi.





