Logo

O‘zbekistonda samolyot bortidagi qoidalarni buzganlarga jarima oshirilishi mumkin

Bugun 22:102 daqiqa

Xususan, Fuqaro aviatsiyasi agentligi ko‘rsatmalarini bajarmagan fuqarolar va mansabdor shaxslarga 44 mln so‘mgacha jarima belgilanishi taklif etilmoqda.

O‘zbekistonda samolyot bortidagi qoidalarni buzganlarga jarima oshirilishi mumkin © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Transport vazirligi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga fuqaro aviatsiyasi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Muhokama 24-oktabrgacha davom etadi.

Qonun loyihasi fuqaro aviatsiyasi sohasini isloh qilish, xizmatlar sifatini oshirish, parvozlar xavfsizligini ta’minlash va sohani texnik jihatdan tartibga solish maqsadida ishlab chiqilgan.

Samolyot bortidagi qoidabuzarlik uchun jarima

Loyihaga ko‘ra, yo‘lovchi havo kemasi komandiri yoki uning nomidan ish yurituvchi ekipaj a’zosining bortdagi xulq-atvor qoidalariga rioya qilish haqidagi ko‘rsatmalarini bajarmasa, unga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha, ya’ni 2,2 mln so‘mdan 4,4 mln so‘mgacha jarima solish taklif etilmoqda.

Agar huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil ichida takror sodir etilsa, jarima BHMning 15 baravaridan 20 baravarigacha — 6,6 mln so‘mdan 8,8 mln so‘mgacha oshirilishi mumkin.

Amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 117-moddasida havo kemasi bortidagi shaxslar komandir yoki ekipaj a’zosining ko‘rsatmalarini bajarmagani uchun BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha jarima belgilangan. Biroq ushbu qoidabuzarlikni takroran sodir etish uchun alohida jazo nazarda tutilmagan.

Fuqaro aviatsiyasi agentligi ko‘rsatmalarini bajarmaganlarga ham jarima belgilanadi

Qonun loyihasida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksni 198-10-modda bilan to‘ldirish ham taklif etilmoqda. U Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi ko‘rsatmalarini bajarmaslik uchun javobgarlikni belgilaydi.

Taklifga ko‘ra, agentlik ko‘rsatmalarini bajarmaganlik uchun:

●     fuqarolarga BHMning 20 baravari — 8,8 mln so‘m;

●     mansabdor shaxslarga BHMning 50 baravari — 22 mln so‘m miqdorida jarima solinishi mumkin.

Agar ushbu huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil ichida takrorlansa, jarima miqdori fuqarolar uchun BHMning 50 baravarigacha — 22 mln so‘mga, mansabdor shaxslar uchun esa 100 baravarigacha — 44 mln so‘mga yetishi mumkin.

Hozirda qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasida. Takliflar qabul qilinishi va tegishli tartibda tasdiqlanishidan oldin ushbu o‘zgartirishlar amaldagi qonunchilikka kiritilgan deb hisoblanmaydi.

Teglar

Mavzuga oid