
Abdurahmon Abdunazarov 72 yoshida vafot etdi
10.08.2025 | 14:3022503
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli teatr rejissyori va pedagog Abdurahmon Abdunazarov hayotdan ko‘z yumdi.

Bu haqda O‘zbekiston Teatr arboblari uyushmasi ma’lum qildi. 1954 yil 10 mart kuni Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida tug‘ilgan Abdunazarov turli yillarda Andijon va Qashqadaryo viloyat musiqali teatrlari, shuningdek, boshqa viloyatlar hamda qo‘shni mamlakatlar sahnalarda ijod qilgan. U 1988 yili Qarshi shahrida «Muloqot» teatr-studiyasini tashkil etib, unda va boshqa teatral jamoalarda sermahsul faoliyat olib borgan.
Uning «Temir xotin», «Jononga bordim bir kecha», «Zaharli hayot yoxud ishq qurbonlari», «Mayli, saylang», «Baxtiyorni uylantiramiz», «Gulya + Erik», «Boy ila...», «Momo yer» kabi o‘nlab spektakllari o‘zbek teatr san’atida muhim o‘rin tutadi. Rejissyorlik mahorati va novatorlik uslubi xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan.
Abdunazarov mustaqil ijodiy studiyalar rivojiga katta hissa qo‘shgan va oxirgi yillarda Andijon viloyati san’at kollejida pedagog sifatida ishlab, ko‘plab shogirdlar tayyorlagan.
O‘zbekiston Teatr arboblari uyushmasi uni samimiy va kamtarin inson, katta san’atkor sifatida yodga oldi hamda marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi.





