
Administratsiya xodimlari vazirlarga o‘rinbosar bo‘ldi
Otabek Rahmonov Bosh vazirning Komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga, Bahodir Normurodov Bosh prokurorning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Otabek Turdimuhammadovich Rahmonov O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Bildirilishicha, tayinlov to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi prezidentining tegishli qarori qabul qilingan.
Otabek Rahmonov shu paytgacha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari kotibiyati mudiri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi. Yangi ishga o‘tishi munosabati bilan u mudir o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.
O‘zbekiston Respublikasi prezidentining boshqa bir farmoni bilan esa Bahodir Zokir o‘g‘li Normurodov O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. U shu paytgacha O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Administratsiyasi Komplayens xizmati sho’ba mudiri sifatida ishlab kelayotgan edi. Yangi ishga o‘tishi munosabati bilan u ushbu lavozimidan ozod etildi.
Prezidentning yana bir qarori bilan Jalol Jabborovich Qurbonov O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining Komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi va shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kanselyariyasi mudiri lavozimidan ozod etildi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Rustam Mirzayev lavozimidan ozod etilib, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.





