
Afg‘onistondagi kuchli zilzila oqibatida 800 dan ortiq kishi halok bo‘ldi
01.09.2025 | 17:055833
Afg‘oniston sharqida, Pokiston bilan chegaradosh hududda 6,0 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘ldi.

Afg‘onistonda 31 avgust kuni kechasi 6 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘lib, Kunar va Nangarhor viloyatlarida kamida 622 kishi halok bo‘ldi, 2 800 dan ziyod odam yaralandi. Bu haqda «Reuters» xabar berdi.
Zilzila epimarkazi Kunar viloyatida, Pokiston bilan chegaradosh tog‘li hududda, yer yuzidan 10 km chuqurlikda qayd etilgan. Zilzila oqibatida ko‘plab qishloqlar yer bilan yakson bo‘ldi, uylar vayron bo‘lib, aholi uysiz qoldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Kunarda 610 nafar odam halok bo‘lgan, Nangarhorda esa 12 kishi vafot etgan.
Harbiy qutqaruv guruhlari butun hudud bo‘ylab jonlantirilgan, 40 ta parvoz orqali 420 nafar jarohatlangan va halok bo‘lgan shaxslar ko‘chirilgan. Reuters tarqatgan tasvirlarda vertolyotlar va harbiylar jabrlanganlarni tez yordam mashinalariga olib ketayotgani ko‘rsatilgan.
Kobuldagi rasmiylar eng uzoq qishloqlarga qutqaruvchilar yetkazishga urinayotganini bildirmoqda. Biroq Afg‘onistonning moliyaviy va gumanitar qiyinchiliklari, xalqaro yordamning keskin kamayishi vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda. Hozirgacha xorijiy davlatlardan rasmiy yordam taklifi kelmagani ham qayd etilmoqda.
Mamlakatda bundan oldingi eng halokatli zilzila 2022 yil iyun oyida qayd etilgan edi. O‘shanda 6,1 magnitudali zilzilada 1 000 dan ortiq odam halok bo‘lgan. Afg‘oniston Hindukush tog‘ tizmalaridagi seysmik jarayonlar tufayli doimiy xavf ostida turibdi.





