
Aholining valuta taklifi talabdan 7,8 mlrd dollarga oshdi
2025 yilda aholi va biznesning valuta operatsiyalari faollashib, taklif hajmi talabdan sezilarli oshishi ichki bozorda barqarorlikni saqlayotganini ko‘rsatmoqda.

2025 yilning yanvar–oktabr oylarida O‘zbekistonda xorijiy valyutaga bo‘lgan talab 48,4 mlrd dollarga yetdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 24 foiz ko‘p bo‘lib, ichki bozorda import, investitsiya va tashqi hisob-kitoblar faollashganini anglatadi.
Xorijiy valuta taklifi esa 41,2 mlrd dollarni tashkil etib, bir yil davomida 26 foiz o‘sgani qayd etildi.
Jismoniy shaxslar tijorat banklariga 17,4 mlrd dollar miqdorida valuta sotdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 4,2 mlrd dollarga ko‘p. Shu bilan birga, aholi tomonidan xarid qilingan valuta 9,6 mlrd dollarni tashkil qildi.
Natijada jismoniy shaxslar valuta taklifi talabdan 7,8 mlrd dollarga yuqori bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich bir yil ichida qariyb 1,4 baravarga oshgan.
Yuridik shaxslarda ham valuta aylanmasi sezilarli o‘sdi. Biznes tuzilmalarining valyutaga bo‘lgan talabi yil davomida 24 foizga ko‘paydi, taklif esa 38 foizga oshdi.
Eksport tushumlari hisobidan ichki bozorga 14,5 mlrd dollar kirib keldi va uning 8,1 mlrd dollari sotildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 23 foizga ko‘pdir. Shuningdek, banklar xorijiy kreditlar hisobiga bozorga 7,3 mlrd dollar chiqardi.
Importni moliyalashtirish manbalarida ichki bozorda xarid qilingan valuta ulushi 64,8 foizni tashkil etdi. Yuridik shaxslar tomonidan xarid qilingan valuta asosan ishlab chiqarish uchun kerakli asbob-uskunalar, xomashyo va tovarlar importiga yo‘naltirilgan.
Qolgan qismi kreditlarni so‘ndirish, iste’mol tovarlari va dori-darmon importi, shuningdek investor daromadlarini repatriatsiya qilishga sarflandi.
Aholi va biznes tomonidan taklifning talabdan yuqori bo‘lishi ichki valuta bozorida likvidlik va muvozanatning saqlanayotganini ko‘rsatmoqda. Mutaxassislar bunday dinamika tashqi hisob-kitoblar faolligi va eksport tushumlarining o‘sishi bilan izohlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari 15,8 mlrd dollarga yetganligi haqida xabar bergan edik.





