
Air India halokati sababi yoqilg‘i bo‘lishi mumkin — mutaxassislar taxmini
13.06.2025 | 12:4011083
Hindistonda Londonga uchayotgan Air India samolyoti uchish paytida jiddiy muammoga uchradi. Halokat oldidan yong‘in yoki portlash bo‘lmagan, lekin dvigatellar ishdan chiqqan — bu muammo ortida nima borligi hozircha hech kimga ayon emas.
Hindistonda sodir bo‘lgan aviahalokat sabablari bo‘yicha surishtiruv hali davom etmoqda va mutaxassislar bu voqeaga aynan nima sabab bo‘lganini aytish uchun hali juda erta, deb hisoblashmoqda.
Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha AQSHlik mutaxassis, sobiq tergovchi Jeff Guzzetti Associated Press agentligiga ma’lum qilishicha, Air India aviakompaniyasining Londonga yo‘l olgan 171-reysi Ahmadabod aeroportidan ko‘tarilish paytida nega qiyinchilikka duch kelgani hozircha tushunarsiz.
Halokatdan oldingi videolarda samolyotda tutun yoki yong‘in alomatlari ko‘rinmaydi. Shuning uchun, Guzzettining ta’kidlashicha, bu holatda qushlar bilan to‘qnashuv ehtimoli yo‘q. Hatto bir dvigatel ishdan chiqqan taqdirda ham, ikkinchi dvigatel samolyotni havoga ko‘tara olishi kerak bo‘lgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ikkala dvigatel ham bir vaqtning o‘zida kuchsizlanib, normal ishlashni to‘xtatgan bo‘lishi mumkin. «Bunday holat taxminan 15 yil oldin Hitrou aeroportiga qo‘nayotgan Boeing-777 samolyoti bilan ham sodir bo‘lgan edi. O‘shanda har ikki dvigatel muzlab qolgan yoqilg‘i sababli ishdan chiqqan. Bu safar ham yoqilg‘i bilan bog‘liq muammo bo‘lishi mumkin», — dedi u.
Guzzettining qo‘shimcha qilishicha, «odatda, yoqilg‘i tarkibining buzilishi kabi muammolar samolyot uchayotgan paytda namoyon bo‘ladi».





