
Amazon OpenAI’ga 50 milliard dollar sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda
Amazon sun’iy intellekt bozorida mavqeini mustahkamlash uchun OpenAI’ga yirik sarmoya kiritish imkoniyatlarini o‘rganmoqda.

Amazon korporatsiyasi ChatGPT yaratuvchisi bo‘lgan OpenAI kompaniyasiga taxminan 50 milliard dollar sarmoya kiritish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda Reuters manbalari xabar berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, muzokaralar hozircha dastlabki bosqichda bo‘lib, yakuniy shartlar va summa aniq belgilanmagan.
Manbalarning aytishicha, ushbu ehtimoliy kelishuvni Amazon bosh direktori Endi Djessi va OpenAI rahbari Sem Altman shaxsan muhokama qilmoqda. Agar bitim amalga oshsa, Amazon OpenAI’ning joriy moliyalashtirish bosqichidagi eng yirik investoriga aylanishi mumkin.
OpenAI hozirgi paytda 100 milliard dollargacha mablag‘ jalb qilishni maqsad qilgan. Bu kompaniyaning umumiy bahosini 830 milliard dollarga yetkazishi mumkin. Manbalarga ko‘ra, kompaniya kelgusida IPO’ga chiqishga tayyorgarlik ko‘rmoqda va bu jarayonda uning bozor qiymati 1 trillion dollargacha ko‘tarilishi ehtimol qilinmoqda.
Boshqa kompaniyalar ham sarmoya kiritishga qiziqish bildirmoqda
Sun’iy intellekt sohasida raqobat keskin tus olgan. Yaponiyaning SoftBank Group korporatsiyasi ham OpenAI’ga qo‘shimcha 30 milliard dollar sarmoya kiritish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Shuningdek, chip ishlab chiqaruvchi Nvidia 30 milliard dollargacha, uzoq yillik hamkor Microsoft esa 10 milliard dollardan kamroq mablag‘ bilan ishtirok etishi mumkin.
E’tiborlisi, Amazon bir vaqtning o‘zida OpenAI’ning asosiy raqobatchilaridan biri bo‘lgan Anthropic kompaniyasiga ham 8 milliard dollar sarmoya kiritgan. Anthropic korporativ mijozlar orasida tez ommalashib bormoqda va 2026 yilda yillik daromadini 26 milliard dollarga yetkazishni prognoz qilmoqda.




