add

Andijon va Farg‘onada subsidiya pullari talon-taroj qilingani fosh bo‘ldi

Bugun 19:151022

2023–2024 yillarda ajratilgan subsidiyalarning Andijonda 33, Farg‘onada 15 foizi o‘zlashtirilgani va maqsadsiz sarflangani aniqlandi. Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Andijon va Farg‘onada subsidiya pullari talon-taroj qilingani fosh bo‘ldi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining xabar berishicha, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida subsidiya pullarining maqsadsiz ishlatilgani bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazilgandi. Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 22-iyuldagi 307-son qaroriga asosan ajratilgan mablag‘lar ustidan nazorat yetarli bo‘lmagan.

Andijon viloyatida 7,8 mlrd so‘mlik subsidiyadan 2,6 mlrd so‘mi noqonuniy ishlatilgan. Bu — jami mablag‘ning 33,3 foizini tashkil etadi. Shuning 1,8 mlrd so‘mi to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘zlashtirib yuborilgan. Bundan tashqari, 792 mln so‘mlik mablag‘ ijtimoiy shartnoma talablari bajarilmagani tufayli yo‘qqa chiqqan.

Hududlar kesimida Baliqchi, Ulug‘nor, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa, Shahrixon, Xonobod va Izboskan tumanlarida o‘nlab kasanachilar nomidan subsidiya olib, ularning bandligini ta’minlamagan yuridik shaxslar aniqlangan. Ayrim hollarda asbob-uskunalar umuman yetkazilmagan, ayrim hollarda esa narxga noqonuniy ustama qo‘shilgan.

Farg‘ona viloyatida esa 9,3 mlrd so‘mlik subsidiyadan 1,4 mlrd so‘mdan ziyod qismi o‘g‘irlangan. Bu — umumiy mablag‘ning taxminan 15 foizini tashkil etadi. Uchko‘prik, Rishton, Bog‘dod, Beshariq, Farg‘ona, Dang‘ara tumanlari va Qo‘qon shahridagi tadbirkorlar tomonidan kasanachilar nomiga berilgan asbob-uskunalarni haqiqatda yetkazmagan hollar qayd etilgan.

Shuningdek, ayrim fuqarolarga ikki marta subsidiya berilgan, oldin boshqa dasturlar bo‘yicha mablag‘ olganlar yana mablag‘ga ega bo‘lgan. Bu orqali yana 335 mln so‘m budjet mablag‘i asossiz ravishda ajratilgan.

Har ikki viloyatda Kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligiga ko‘maklashish bo‘limlari hamda mahalliy hokim yordamchilari o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmagan. Qonunbuzarlik holatlari asosida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Avvalroq Prezident raisligida o‘tgan yig‘ilishda 2026 yilda samarasiz subsidiyalar va imtiyozlar bekor qilinishi tilga olingani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid

Andijon va Farg‘onada subsidiya pullari talon-taroj qilingani fosh bo‘ldi | Vaqt.uz