add

Andijonda o‘qituvchilar ta’tilda maktab ta’miriga jalb qilindi

03.08.2025 | 14:0039103

Andijon viloyati Marhamat tumanidagi 42-umumta’lim maktabining bir guruh o‘qituvchilari mehnat ta’tilida bo‘lishiga qaramay, devor oqlash va ta’mirlash ishlariga jalb etilgani haqidagi video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan.

Andijonda o‘qituvchilar ta’tilda maktab ta’miriga jalb qilindi
Kadrlarda ayol o‘qituvchilar maktab xonalari va zallarida devor hamda shiftlarni tozalash, oqlash bilan shug‘ullanayotgani aks etgan. Videoning muallifi ular matematika, ingliz tili, rus tili, mehnat va boshqa fanlardan dars beradigan o‘qituvchilar ekanini ta’kidlagan. Ularning ta’til paytida «hashar»ga chaqirilgani aytiladi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mazkur holat yuzasidan rasmiy bayonot berib, vaziyat qat’iy nazoratga olinganini ma’lum qildi. Vazirlik «Pedagogning maqomi to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, o‘qituvchilarni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga majburlash man etilishini, bunday holat qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka olib kelishini eslatdi. Shu sababli bu vaziyatga yo‘l qo‘ygan mas’ullarga nisbatan ta’sir choralari ko‘rilishi qayd etildi. Viloyat hokimligi ham holat yuzasidan munosabat bildirib, masala o‘qituvchilarning qadr-qimmati bilan bog‘liq ekanini ta’kidladi. Ma’lum qilinishicha, viloyat hokimi nazoratida ishchi guruh tuzilib, xolis va atroflicha o‘rganish ishlari boshlangan. Hokimlik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va OAV vakillaridan tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikni so‘radi. Tekshiruv yakunlari bo‘yicha jamoatchilikka batafsil ma’lumot berilishi va aybdorlariga nisbatan qat’iy choralar qo‘llanilishi ma’lum qilindi. Shu bilan birga, hokimlik o‘qituvchilarning asosiy vazifasi ta’lim va tarbiya berish ekanini, ularni bundan tashqari ishlarga jalb etish mutlaqo noqonuniy hisoblanishini eslatdi.

Teglar

Mavzuga oid

Andijonda o‘qituvchilar ta’tilda maktab ta’miriga jalb qilindi | Vaqt.uz