Logo

AQSH «Binance»dan o‘g‘irlangan 1,1 mlrd dollardan ortiq kriptovalyutani musodara qilmoqchi

Bugun 15:352 daqiqa

«Binance» kriptobirjasiga uyushtirilgan xakerlik hujumidan keyin AQSH hukumati 1,1 mlrd dollardan ortiq kriptoaktivni musodara qilish bo‘yicha sudga murojaat qildi. Amerika tomoni ushbu hujum ortida Shimoliy Koreya xakerlari turgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

AQSH «Binance»dan o‘g‘irlangan 1,1 mlrd dollardan ortiq kriptovalyutani musodara qilmoqchi © fsr.develop.ru

AQSH «Binance» kriptobirjasiga uyushtirilgan xakerlik hujumidan keyin 1,1 mlrd dollardan ortiq mablag‘ni musodara qilish bo‘yicha fuqarolik da’vosi kiritdi. Gap «Circle Internet Financial» kompaniyasi tomonidan chiqarilgan steyblkoynlardagi aktivlar haqida bormoqda. Bu haqda AQSH Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Avvalroq hukumat so‘roviga binoan ushbu aktivlarga sud tomonidan hibs qo‘yilgan. Amerika idorasi taxminiga ko‘ra, o‘g‘irlikka Shimoliy Koreya xakerlari aloqador bo‘lishi mumkin.

«Binance» kriptobirjasi 29-oktabr kuni xakerlik hujumiga uchragan. Birjaning kriptohamyonlaridan qariyb 6,3 mlrd dollarlik aktivlar o‘g‘irlangan. AQSH Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, o‘shandan buyon mamlakat turli manbalardan 2,9 mlrd dollardan ortiq kriptovalyutani muzlatish, musodara qilish va qaytarishga yordam bergan.

Mazkur ish yuzasidan AQSH Federal qidiruv byurosi (FBI), Maxfiy xizmati va Ichki daromadlar xizmatining (IRS) jinoiy tergov bo‘limi ish olib bormoqda. Vazirlik xabarida «Circle Internet Financial» kompaniyasi tergovga katta yordam ko‘rsatgani ham qayd etilgan.

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning singlisi, Koreya Mehnat partiyasi Markaziy qo‘mitasi bo‘limi mudiri Kim Yo Chen AQSHning ayblovlarini «asossiz bema’nilik» deb atagan. Bu haqda Koreya markaziy telegraf agentligi xabar bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington kiberjinoyatchilik mavzusidan KXDR obro‘siga putur yetkazish uchun foydalanmoqda. Pxenyan esa kibermakonni siyosiylashtirishga qaratilgan urinishlarga qarshi turadi.

AQSH prezidenti Donald Tramp Vashington Pxenyan «Binance»ga uyushtirilgan kiberhujumga aloqador yoki yo‘qligini bilmasligini aytgan.

«Bu Shimoliy Koreya ekanini bilmaymiz. Ammo shunday bo‘lsa, bu haqda ular bilan gaplashamiz», — degan u jurnalistlarga.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi rasmiylari dunyodagi eng yirik kriptobirjalardan biri — «Binance»ning YIdagi faoliyatini tekshirgandi.

Farangiz Bobojonova

Teglar

Mavzuga oid