Logo

Chet el avtomobillarining O‘zbekistonda bo‘lish muddati 180 kungacha uzaytirilishi mumkin

Bugun 15:412 daqiqa

Bojxona to‘lovlarini kechiktirish muddati ham ikki barobarga uzaytirilishi, tadbirkorlar uchun moliyaviy yengilliklar joriy etilishi rejalashtirilmoqda.

Chet el avtomobillarining O‘zbekistonda bo‘lish muddati 180 kungacha uzaytirilishi mumkin © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

O‘zbekistonda chet el avtotransport vositalarining mamlakat hududida bo‘lish muddatini 90 kundan 180 kungacha uzaytirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Quyi palatada bojxona ma’muriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini yanada soddalashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi. Hujjat bilan Bojxona kodeksida chet el avtotransport vositalarini O‘zbekiston hududiga olib kirish va olib chiqish tartibini takomillashtirish nazarda tutilgan.

Bojxona to‘lovlari va tadbirkorlar uchun yengilliklar

Qonun loyihasida bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lash muddatini 60 kundan 120 kungacha uzaytirish taklif etilmoqda. Shuningdek, bojxona to‘lovlarini kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashda hisoblanadigan foizlarni Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasiga tenglashtirish, tadbirkorlik subektlari uchun bosh ta’minot summalarini kamaytirish mexanizmlarini joriy etish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari doirasida arizalar hamda ularga ilova qilinadigan hujjatlarni «Yagona darcha» bojxona axborot tizimi orqali qabul qilish imkoniyatlarini kengaytirish nazarda tutilgan.

Qayd etilishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi tashqi savdo operatsiyalarida ortiqcha ma’muriy tartib-taomillarni qisqartirish, tadbirkorlarning moliyaviy yukini yengillashtirish, bojxona xizmatlari shaffofligi va tezkorligini oshirish hamda mamlakatning investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasidagi «G‘ishtko‘prik» (Jibek joli) o‘tkazish punkti 2026-yil 25-noyabrdan ishga tushirilishi haqida xabar berilgandi.

Teglar

Mavzuga oid