add

AQSH kompaniyasi «Lukoil»ning xorijiy aktivlarini sotib olishni ko‘rib chiqmoqda

Bugun 22:251521

AQSHning «Carlyle» investfondi sanksiya tahdidi ostida qolgan «Lukoil»ning xorijiy aktivlarini sotib olish imkonini o‘rganyapti.

AQSH kompaniyasi «Lukoil»ning xorijiy aktivlarini sotib olishni ko‘rib chiqmoqda

«Reuters» axborot agentligiga ko‘ra, AQSHning yirik investitsiya fondi «Carlyle» «Lukoil» kompaniyasining xorijda joylashgan aktivlarini sotib olish bo‘yicha muzokaralarning dastlabki bosqichida turibdi. Manbalardan biri bu jarayon hali dastlabki o‘rganish bosqichida ekanini aytsa, yana biri «Carlyle» «Lukoil»ga aktivlarni sotib olish niyati bildirilgani haqida ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, «Carlyle» bitimni amalga oshirish uchun avval AQSH hukumatidan tegishli ruxsat olish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Ruxsat berilsa, kompaniya «Lukoil»ning xorijiy aktivlarini to‘liq huquqiy va moliyaviy tekshiruvdan o‘tkazadi.

Biroq «Reuters»ning boshqa bir manbasi «Carlyle» muzokaralar jarayonida bitimdan voz kechishi ehtimoli ham borligini istisno qilmadi. Bunda asosiy omil sifatida sanksiyalar yuzasidan yuzaga kelgan nomuayyanlik va vaqtning qisqaligi qayd etilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, AQSH yaqinda «Lukoyl»ni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritib, kompaniyaga o‘z kelishuvlarini yakunlash uchun 21-noyabrgacha vaqt bergan. Agar qo‘shimcha muddat berilmasa, «Lukoil» xorijiy aktivlarini jadal tarzda sotishga majbur bo‘ladi.

«Carlyle» fondi dunyo bo‘ylab 474 milliard dollarlik aktivlarni boshqaradi va Vashington siyosiy doiralari bilan yaqin munosabatga ega ekani ta’kidlanmoqda. Bu esa sanksiyalar sharoitida ham bitim amalga oshishi imkonini oshirishi mumkinligi qayd etilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

AQSH kompaniyasi «Lukoil»ning xorijiy aktivlarini sotib olishni ko‘rib chiqmoqda | Vaqt.uz