add

AQSH Senati Rossiyani terrorizmni qo‘llovchi davlat sifatida tan olishi mumkin

23.10.2025 | 19:201862

Senatning tashqi ishlar qo‘mitasi Rossiyani ukrain bolalarini olib ketgani uchun terrorizmni qo‘llovchi davlat deb e’tirof etish haqidagi qonun loyihasini ma’qulladi.

AQSH Senati Rossiyani terrorizmni qo‘llovchi davlat sifatida tan olishi mumkin

22 oktyabr kuni AQSH senati tashqi ishlar qo‘mitasi Rossiyani terrorizmni qo‘llovchi davlat deb e’lon qilish haqidagi qonun loyihasini ma’qulladi. Bu haqda loyiha tashabbuskori — o‘zining aksilrossiya chiqishlari bilan tanilgan senator Lindsi Grehem ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, mazkur qadam Ukrainadagi bolalarni majburan deportatsiya qilgani uchun Rossiyaga nisbatan bosimni kuchaytirish va urushni to‘xtatishga qaratilgan.

Grehemning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaga bu maqomni berish mamlakat iqtisodiyoti uchun «halokatli zarba» bo‘ladi, ammo bu Vladimir Putin siyosati oqibatida yuzaga kelgan muqarrar natija.

«Bu tashabbus Rossiyani xalqaro hamjamiyatda «radioaktiv» davlatga aylantiradi», — dedi senator.

Qonun qabul qilinsa, AQSH davlat kotibi Marko Rubio 60 kun ichida senatorlarga Rossiya tomonidan okkupatsiya qilingan hududlardan Ukrainaga qaytarilgan bolalar soni bo‘yicha hisobot taqdim etishi kerak bo‘ladi. Agar 19 mingdan ortiq bola qaytarilmagani aniqlansa, Rossiya rasman terrorizmni qo‘llovchi davlatlar ro‘yxatiga kiritiladi. Hozirda bu ro‘yxatda Eron, Shimoliy Koreya, Kuba, Sudan va Liviya bor.

Shu bilan birga, qo‘mita yana ikki aksilrossiya rus qonun tashabbusini ma’qulladi. Birinchisi — Xitoyga Rossiyaning harbiy-sanoat kompleksini qo‘llab-quvvatlagani uchun iqtisodiy sanksiyalar joriy etishni, ikkinchisi — AQSHda muzlatilgan 5 mlrd dollarlik Rossiya aktivlarini Ukrainaga yordam sifatida yo‘naltirishni nazarda tutadi. Bu mablag‘lar har 90 kunda Kiyevga 250 mln dollar miqdorida ajratiladi.

Qonun loyihalari endi Senatning to‘liq tarkibida ko‘rib chiqiladi. Tahlilchilar fikricha, ular qabul qilinsa, Vashington va Moskva o‘rtasidagi munosabatlar yanada sovuqlashishi muqarrar.

Teglar

Mavzuga oid