Logo

AQSH sudi Trampga Oq uydagi qurilishni to‘xtatishni buyurdi

Bugun 19:362 daqiqa

Sud qarorida «Har bir prezident Oq uyning faqat vaqtinchalik yashovchisi, uning egasi emas», deb ta’kidlangan. Shuningdek, prezidentning bunday o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun konstitutsiyada belgilangan vakolatlari mavjud emasligi qayd etilgan. Tramp ma’muriyatiga esa «muayyan prezidentning xohish-istaklari uchun Oq uyning tashqi ko‘rinishini tubdan o‘zgartirish, qayta rejalashtirish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha cheklanmagan vakolat berilmagani» aytildi.

AQSH sudi Trampga Oq uydagi qurilishni to‘xtatishni buyurdi

AQSH apellyatsiya sudi prezident Donald Tramp ma’muriyatiga Oq uy hududida katta bal zali qurish loyihasini amalga oshirishni to‘xtatishni buyurdi.

Sud qarorida «Har bir prezident Oq uyning faqat vaqtinchalik yashovchisi, uning egasi emas», deb ta’kidlangan. Shuningdek, qarorda prezidentning Oq uy kabi tarixiy binoga nisbatan bunday o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun konstitutsiyada belgilangan vakolatlari mavjud emasligi qayd etilgan.

Sud, shuningdek, AQSH Kongressi Tramp ma’muriyatiga «muayyan prezidentning xohish-istaklari uchun Oq uyning tashqi ko‘rinishini tubdan o‘zgartirish, qayta rejalashtirish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha cheklanmagan vakolat bermagani»ni ta’kidladi. Biroq sud o‘z qarorining kuchga kirishini ikki haftaga kechiktirdi. Bu Trampga AQSH Oliy sudiga murojaat qilish va apellyatsiya berish imkonini beradi.

Joriy yilning fevral oyida Tramp maxsus komissiya Oq uyda yangi bal zali qurish rejasini ma’qullaganini ma’lum qilgan edi. Bal zalini qurish uchun avval Oq uyning sharqiy qismi buzib tashlangan. Bu qaror AQSH jamoatchiligida keskin noroziliklarga sabab bo‘ldi. Bir hafta davomida ko‘plab sayyohlar binoning buzilishini tomosha qilish uchun Oq uy oldiga borgan. Ularning aksariyati Amerika xalqi uchun muhim bo‘lgan tarixiy binoning bir qismi buzilayotganidan noroziligini bildirgan.

Binoning bir qismini buzishga Demokratik partiyaning ko‘plab vakillari ham qarshi chiqdi. «YouGov» tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, amerikaliklarning eng katta qismi ushbu loyihani ma’qullamaydi: respondentlarning 53 foizi loyihani ma’lum darajada yoki qat’iyan qo‘llab-quvvatlamasligini bildirgan.

Ko‘p yillar davomida Oq uyning sharqiy qismida AQSH birinchi xonimining idorasi joylashgan. Bu an’ana 1933–1945-yillarda AQSH prezidenti bo‘lgan Franklin Delano Ruzveltning rafiqasi Eleonora Ruzvelt davridan boshlangan.

Tramp sharqiy bino o‘rnida 1000 kishigacha sig‘dira oladigan bal zali qurishni rejalashtirmoqda. Zalning maydoni taxminan 8,3 ming kvadrat metr bo‘lishi kutilmoqda. Bu esa uni Oq uyning asosiy binosidan deyarli ikki baravar katta qiladi. Tramp bundan oldin ham Oq uyda bir qator o‘zgarishlarni amalga oshirgan. Jumladan, u Oval kabinetni qayta ta’mirlash va yangilash ishlarini olib borgan. Ushbu o‘zgarishlar ham uning siyosiy raqiblari tomonidan tanqid qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp «tug‘uruq turizmi»ni taqiqlab, tug‘ilish orqali AQSH fuqaroligini olishni cheklagandi.

Teglar

Mavzuga oid

AQSH sudi Trampga Oq uydagi qurilishni to‘xtatishni buyurdi | Vaqt.uz