
AQSHda eng uzoq davom etgan shatdaun yakunlandi
AQSH prezidenti Donald Tramp vaqtinchalik budjet to‘g‘risidagi qonunni imzoladi va shu tariqa mamlakat tarixidagi eng uzoq — 43 kun davom etgan shatdaun nihoyasiga yetdi. Avvalgi rekord 2019 yilda Trampning ilk prezidentlik muddati vaqtida 34 kun 21 soat davom etgan.

AQSH prezidenti Donald Tramp 43 kun davom etgan rekord uzoq shatdaunga chek qo‘ydi. U Kongress qabul qilgan vaqtinchalik moliyalashtirish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi, bu federal hukumatning faoliyatini darhol qayta tiklash imkonini beradi. Oq uyning bayonotiga ko‘ra, hujjat davlat xizmatchilariga to‘lanmay qolgan maoshlarni to‘liq qoplab berishni ta’minlaydi.
Shatdaun demokratlar va respublikachi qonun chiqaruvchilar o‘rtasidagi keskin siyosiy kelishmovchilikdan kelib chiqqan edi. Demokratlar vaqtinchalik budjet loyihasini qo‘llab-quvvatlamaslikka qaror qilgan, chunki u Qulay tibbiy yordam to‘g‘risidagi qonun (Obamacare) doirasidagi subsidiyalarni uzaytirishni nazarda tutmagan. Respublikachilar esa ushbu talabga rozi bo‘lishdan bosh tortgan. Senatda vaqtinchalik byudjetni qabul qilish uchun 60 ovoz talab qilingan, biroq respublikachilarning 53 ovozi yetarli bo‘lmagani sababli muzokaralar haftalar davomida to‘xtab qolgan edi. Demokratlar oxirigacha Obamacare’ni uzaytirish kafolatisiz hujjatni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortib keldi.
Nihoyat 39-kuni AQSH Senati hukumat faoliyatini tiklash va shatdaunni to‘xtatishga qaratilgan qonun loyihasini qabul qildi. 60 nafar senator «ha», 40 nafari esa «yo‘q» deb ovoz bergan.
Tramp imzolagan qonun 2026 yil 30-yanvargacha federal hukumatni moliyalashtirishni kafolatlaydi. Hujjat harbiy qurilish, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va qonun chiqaruvchi organlar uchun zarur yillik mablag‘larning bir qismini ham tasdiqlaydi.
Ma’lumot uchun, shatdaun davomida 700 mingga yaqin federal xizmatchi haq to‘lanmaydigan ta’tilga chiqarilgan yoki ishdan bo‘shatish haqida ogohlantirilgan. Boshqa qator xodimlar — milliy gvardiya, aviadispetcherlar, politsiya va transport xizmati xodimlari — maoshsiz ishlashga majbur bo‘ldi. Bu holat ayrim aviadispetcherlarning ishdan ketishiga olib keldi va mamlakat bo‘ylab minglab parvozlar bekor qilindi. Qo‘shimcha ravishda, 42 million amerikalik foydalanadigan SNAP oziq-ovqat yordami dasturida moliyaviy uzilishlar kuzatildi.
Tramp hukumat ishini tiklash bilan birga shatdaun davrida ish tashlamagan aviadispetcherlarga 10 ming dollar miqdorida bonus berishni tavsiya qildi. Qonun federal xizmatchilarning lavozimini saqlab qolish va qarz bo‘lib qolgan ish haqini to‘lashni ham kafolatlaydi. Biroq Obamacare subsidiyalarini uzaytirish masalasi hali ham ochiq qolmoqda — respublikachi senatorlar bu bo‘yicha alohida ovoz berishga va’da bergan, ammo aniq kelishuv mavjud emas.





