
AQSH Senati hukumat faoliyatini tiklash to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi
39 kunlik rekord shatdaunga chek qo‘yish uchun AQSH Senati yangi budjet asosini tasdiqladi. Endi hujjatni Kongress va prezident Tramp tasdiqlashi kerak.

AQSH Senati hukumat faoliyatini tiklash va shatdaunni to‘xtatishga qaratilgan qonun loyihasini qabul qildi. CNN nashrining xabar berishicha, 60 nafar senator «ha», 40 nafari esa «yo‘q» deb ovoz bergan. Bu qadam 1-oktabrda boshlangan va 39 kun davom etgan hukumatning qisman ishlamay qolishiga barham berish maqsadida tashlandi.
Endilikda hujjat Qonunchilik palatasiga yuboriladi. U yerda ham tasdiqlansa, so‘nggi bosqichda uni AQSH prezidenti Donald Tramp imzolashi lozim. Bu jarayon bir necha kun davom etishi mumkin.
Politico nashrining yozishicha, ushbu qonun yangi moliyaviy yil uchun asosiy budjet rejasining boshlang‘ich nuqtasi bo‘ladi. U orqali Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Oziq-ovqat va dori vositalari nazorati boshqarmasi (FDA), veteranlar masalalari bo‘yicha departament, harbiy qurilish loyihalari hamda Kongress faoliyatini moliyalashtirish rejalashtirilgan.
Qolgan federal idoralar esa 30-yanvargacha vaqtinchalik moliyalashtiriladi. Bunday taqsimotning sababi — budjet bo‘yicha siyosiy kelishmovchiliklar, xususan, Obamacare dasturi va Medicaid uchun subsidiyalar masalasida demokratlar va respublikachilarning qarama-qarshiligida bo‘lgan.
Shatdaun AQSH tarixidagi eng uzoq davom etgan hukumat to‘xtashi sifatida qayd etildi. Bu vaqt ichida bir qator fuqarolik xizmatlari to‘xtab qoldi, ayrim agentliklar vaqtinchalik yopildi, davlat xodimlari maoshsiz ishlashga majbur bo‘ldi.





