add

AQSHga kirish uchun viza cheklovi o‘rnatilgan davlatlar ro‘yxati 39 taga yetdi

Bugun 11:352352 daqiqa

Yangi tartibga asosan Burkina-Faso, Laos, Mali, Niger, Suriya, Siyerra-Leone va Janubiy Sudan fuqarolari uchun AQSHga kirish to‘liq taqiqlandi. Turkmaniston fuqarolari uchun esa noimmigrant vizalarga qo‘yilgan taqiq bekor qilindi.

AQSHga kirish uchun viza cheklovi o‘rnatilgan davlatlar ro‘yxati 39 taga yetdi

AQSH prezidenti Donald Tramp farmoniga muvofiq AQSHga kirish uchun to‘liq va qisman viza cheklovlari joriy etilgan davlatlar soni 39 taga yetdi. Bu haqda CNN nashri xabar bermoqda.

Oq uy ma’lumotlariga ko‘ra, ro‘yxat avvalgi 19 davlatdan deyarli ikki barobarga kengaytirildi va bu qaror migratsiya siyosatidagi qat’iylashuvning navbatdagi bosqichi sifatida baholanmoqda.

Yangi farmonga asosan Burkina-Faso, Mali, Niger, Janubiy Sudan va Suriya fuqarolariga nisbatan to‘liq viza cheklovlari joriy etildi. Shuningdek, Laos va Siyerra-Leone avval qisman cheklovda bo‘lgan bo‘lsa, endilikda to‘liq taqiq ostiga olindi. Falastin ma’muriyati tomonidan berilgan sayohat hujjatlari egalari uchun ham AQSHga kirish cheklandi.

Bungacha amalda bo‘lgan Afg‘oniston, Myanma, Chad, Kongo Respublikasi, Ekvatorial Gvineya, Eritreya, Haiti, Eron, Liviya, Somali, Sudan va Yaman fuqarolari uchun to‘liq viza cheklovlari o‘z kuchida qoldirildi. Burundi, Kuba, Togo va Venesuela fuqarolariga nisbatan esa qisman cheklovlar saqlab qolindi.

Qisman kirish cheklovlari joriy etilgan yangi davlatlar ro‘yxatiga Angola, Antigua va Barbuda, Benin, Kot-dʼIvuar, Dominika, Gabon, Gambiya, Malavi, Mavritaniya, Nigeriya, Senegal, Tanzaniya, Tonga, Zambiya va Zimbabve kiritildi. Bu mamlakatlar fuqarolari uchun ayrim viza toifalari bo‘yicha cheklovlar qo‘llanadi.

Farmon doirasida Turkmaniston fuqarolari uchun noimmigrant vizalarga qo‘yilgan taqiq bekor qilindi, biroq doimiy yashash maqsadida AQSHga kirish cheklovi saqlab qolindi. Shu bilan birga, doimiy yashash huquqiga ega shaxslar, amaldagi vizasi borlar va AQSH milliy manfaatlariga xizmat qiluvchi ayrim holatlar istisno sifatida belgilandi.

Oq uy bu qarorni xavfsizlik tekshiruvlari, ma’lumot almashish va migratsiya nazoratidagi jiddiy kamchiliklar bilan izohladi. Farmon Tramp ma’muriyatining immigratsiya siyosatida keskinlashuv kuchaygan bir paytda qabul qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp ma’muriyati 19 ta davlat fuqarolarining Grin-kartalarini qayta tekshirishi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid