
Axborot xizmati rahbarlari attestatsiyadan o‘tkaziladi
Axborot xizmati rahbarlarining kasbiy salohiyatini baholashga qaratilgan yagona attestatsiya tartibi joriy etildi.

Davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmati rahbarlarini attestatsiyadan o‘tkazish hamda ularning faoliyat samaradorligini baholash tartibi tasdiqlandi. Bu bo‘yicha tegishli nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Hujjat axborot xizmati rahbarlarining kasbiy bilim va ko‘nikmalarini tizimli ravishda baholashni nazarda tutadi.
Attestatsiya o‘tkazish tartibi
Nizomga ko‘ra, axborot xizmati rahbarlari Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida har uch yilda bir marotaba attestatsiyadan o‘tishi shart. Attestatsiyani tashkil etish uchun Markaz direktori buyrug‘i bilan kamida yetti nafar a’zodan iborat Attestatsiya komissiyasi tuziladi. Komissiya attestatsiya muddati yetgan talabgorlar ro‘yxatini shakllantirish uchun tegishli davlat organlari va tashkilotlariga murojaat qiladi.
Talabgorlarni o‘rganish va muddatlar
Komissiyaga taqdim etilgan talabgorlar anketasi o‘n kun mobaynida atroflicha o‘rganib chiqiladi. Shu asosda attestatsiyadan o‘tadigan rahbarlar ro‘yxati tasdiqlanadi. Attestatsiya jarayoni esa umumiy hisobda ikki oy ichida yakunlanishi belgilangan. Bu jarayonda shaffoflik va xolislikni ta’minlash asosiy talab sifatida belgilangan.
Baholash mezonlari
Attestatsiya beshta savol va amaliy sinovlarni o‘z ichiga olgan og‘zaki suhbat shaklida o‘tkaziladi. Suhbat natijalari besh ballik tizim asosida baholanadi. Kamida to‘rt ball to‘plagan talabgor attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tgan deb hisoblanadi va unga tegishli guvohnoma beriladi. Ushbu tartib axborot xizmatlari faoliyatida mas’uliyat va samaradorlikni oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 2025 yil 11-dekabrdagi tegishli qaroriga ko‘ra, Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi ommaviy axborot vositalarini ro‘yxatga oluvchi organ sifatida faoliyat yuritadi. AOKA tugatilgandan so‘ng, OAVni ro‘yxatdan o‘tkazadigan tashkilot noma’lum bo‘lib qolayotgandi.





