Bandlik vazirligi binosi 180 mlrd so‘mga auksionga qo‘yildi
Yangi Toshkentga ko‘chish jarayoni fonida davlat binolari birin-ketin sotuvga chiqmoqda. Mirobod tumanidagi Bandlik vazirligi binosi 180 mlrd so‘m yoki 14,6 mln dollarga boshlang‘ich narx bilan auksionga qo‘yildi.

Toshkent shahar, Mirobod tumanidagi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi binosi auksionga qo‘yildi. Bu haqda “E-auksion” platformasida e’lon qilindi.
Kimoshdi savdosi 23-fevral kuni bo‘lib o‘tadi. Lotning boshlang‘ich bahosi 180 mlrd so‘m qilib belgilangan. Zakalat puli miqdori esa 5,4 mlrd so‘m.
Vazirlik binolarining umumiy maydoni 12 647 kv metr, yer maydoni 0,6 gektari tashkil qiladi. Auksion g‘olibiga shaharsozlik hujjatlariga asosan ofis va xizmat ko‘rsatish faoliyatini yo‘lga qo‘yish majburiyati qo‘yiladi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Yangi Toshkent shahriga ko‘chmoqda va 3 yil ichida binoni to‘liq bo‘shatib berish majburiyatini olgan.
Bunda, Yangi Toshkent shahrida ma’muriy bino muddatidan oldin qurib bitkazilganda, obyekt xaridorga belgilangan muddatdan oldin topshiriladi.
Davlat aktivlari bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilganda dastlabki to‘lov summasi 35 foizdan kam bo‘lgan holatlarda, qolgan summaga Markaziy bankning asosiy stavkasi (14 foiz) miqdorida yillik foizlar hisoblanadi. Vazirlik binosiga ham bu amal qiladi.
Xaridorlarga kamida 35 foiz miqdoridagi dastlabki to‘lovni bir yo‘la amalga oshirgan taqdirda mazkur vazirlik binosini kredit ta’minoti sifatida garovga qo‘yish huquqi beriladi.
Agar xaridor oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan kundan boshlab bir oy ichida sotib olish to‘lovlarini to‘liq amalga oshirsa, Markaziy bankning asosiy stavkasiga teng — 14 foiz miqdorda chegirma beriladi.
Avvalroq Toshkent markazidagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga tegishli bino 242 mlrd so‘mga auksionda sotilgandi. Qo‘mita ham Yangi Toshkentga ko‘chib o‘tmoqda.





