
Banklar kapitalining minimal darajasi 70 foiz etib belgilandi
O‘zbekistonda banklar kapitalining monandligi bo‘yicha yangi talablar joriy etildi. Endi yangi tashkil etilgan banklar ustav kapitali miqdorining kamida 70 foizini I darajali kapital sifatida shakllantirishi shart.

Adliya vazirligi «Banklar kapitalining monandligiga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risida»gi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Hujjat 2025 yil 28 oktyabrda 3697-son bilan ro‘yxatga olingan bo‘lib, u banklar va mikromoliya banklari uchun yangi kapital talablarini belgilaydi.
Nizomga ko‘ra, faoliyatini boshlaganiga uch yildan oshmagan banklar I darajali kapital miqdorini bank ustav kapitali eng kam miqdorining kamida 70 foiz darajasida saqlashi lozim. Bu talab banklar barqarorligini ta’minlash va moliyaviy xatarlarni kamaytirishga qaratilgan.
I darajali asosiy kapital tarkibiga qo‘shilgan kapital, ya’ni aksiyalar nominal qiymatidan yuqori to‘langan mablag‘lar, taqsimlanmagan foyda hamda o‘tgan yillar va joriy yil zararlari kiradi.
Shuningdek, nizomda kredit tavakkalchiligi tushunchasiga aniqlik kiritilgan. U bank aktivlari va balansdan tashqari hisobvaraqlar hamda hosilaviy instrumentlar bo‘yicha hisoblanadi. Kredit tavakkalchiligi davlat kafolatiga ega aktivlar, davlat qimmatli qog‘ozlari, oltin quymalari yoki depozitlar bilan ta’minlanganda kamaytirilishi mumkin.
Yangi tartib bank tizimining moliyaviy barqarorligini mustahkamlash, tavakkalchiliklarni boshqarish tizimini yaxshilash va banklarning likvidligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, endi O‘zbekistonda nafaqa pullaridan kredit qarzdorligini undirish taqiqlandi. Banklar davlat tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy nafaqa va yordam pullarini kredit qarzdorligini so‘ndirish uchun yechib olishi mumkin emas.





