Logo

«O‘zbekneftgaz» zavodlarni modernizatsiya qilish uchun banklardan 580 mln dollar olmoqchi

Bugun 15:053 daqiqa

Kompaniya buning uchun banklarga 4 ta loyihani taqdim qilgan. Ulardan biri Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish orqali Yevro-5 ekologik standarti talablariga javob beradigan, yuqori oktanli benzin ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Loyihalar umumiy qiymatining 85 foizigacha bo‘lgan qismini bank kreditlari orqali moliyalashtirish rejalashtirilmoqda.

«O‘zbekneftgaz» zavodlarni modernizatsiya qilish uchun banklardan 580 mln dollar olmoqchi © sputnik

O‘zbekistonning davlatga tegishli «O‘zbekneftgaz» kompaniyasi neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish va gazdan suyuq yoqilg‘i olish (GTL) mahsulotlarini yanada chuqur qayta ishlashga qaratilgan to‘rtta loyihani xalqaro banklarga taqdim etdi. Ularni amalga oshirish uchun jami 580 mln dollar mablag‘ jalb qilish rejalashtirilgan.

Bu masala 15-oktabr kuni Londonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda muhokama qilindi. Bu haqda «O‘zbekneftgaz» kompaniyasi boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Suxrob Hamroyevning MUFG Bank, Deutsche Bank, JPMorgan, Standard Chartered Bank va ICBC Standard Bank vakillari bilan uchrashuvidan keyin kompaniya tarqatgan xabarda ma’lum qilindi.

Uchrashuvda kompaniyaning so‘nggi korporativ o‘zgarishlari, moliyaviy natijalari va ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari, shuningdek, rejalashtirilgan loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil 1-iyuldan 2026-yil 30-iyungacha bo‘lgan 12 oyda «O‘zbekneftgaz»ning daromadi 10 foizga oshib, 3 mlrd dollarga yetgan. Foizlar, soliqlar va amortizatsiya xarajatlari hisobga olinmasdan oldingi operatsion foyda (EBITDA) esa 1,5 mlrd dollarni tashkil etgan.

Kompaniyaning sof qarzi EBITDA ko‘rsatkichiga nisbati 3,1 barobardan 2,2 barobarga tushgan. Bu uning qarz yuki kamayganini ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, uchrashuvda kompaniya qarzlarini qayta tartibga solish masalasi ham muhokama qilingan.

«O‘zbekneftgaz» avvalroq jami 385 mln dollarlik kreditlarini qayta moliyalashtirgan va muddatidan oldin qaytargan. Kompaniya yana 1,1 mlrd dollarlik qarzlarini qayta moliyalashtirishni rejalashtirmoqda.

Kompaniya hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu choralar foiz stavkalarini pasaytirish, foiz to‘lovlarini kamaytirish va arzonroq shartlarda qarz olish orqali 83 mln dollar tejash imkonini berishi mumkin.

«O‘zbekneftgaz» bank vakillariga O‘zbekiston prezidenti qarorlari asosida tabiiy gaz qazib olish hajmini barqarorlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot bergan. 2026-yilning boshidan buyon kompaniya beshta yangi konni aniqlagan. Kompaniya kelgusida gaz zaxiralariga qo‘shiladigan hajm yillik qazib olish ko‘rsatkichidan yuqori bo‘lishini kutmoqda.

Shuningdek, «O‘zbekneftgaz» o‘zining burg‘ilash kompaniyasini tashkil etgan. Kompaniya yil oxirigacha 120 ta quduqni burg‘ilash ishlarini yakunlashni rejalashtirmoqda. Bu 2025-yildagi ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘p.

Moliya jalb qilish maqsadida «O‘zbekneftgaz» dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, umumiy qiymati qariyb 580 mln dollar bo‘lgan to‘rtta loyihani taqdim etgan. Ulardan biri — Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish. Bu orqali Yevro-5 ekologik standarti talablariga javob beradigan, yuqori oktanli benzin ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Qolgan uchta loyiha kompaniyaning gazdan suyuq yoqilg‘i olish (GTL) zavodida ishlab chiqariladigan mahsulotlarni yanada chuqur qayta ishlashga qaratilgan. Kompaniya loyihalar umumiy qiymatining 85 foizigacha bo‘lgan qismini bank kreditlari orqali moliyalashtirishni rejalashtirmoqda.

Bank vakillari «O‘zbekneftgaz»da amalga oshirilayotgan islohotlar va kompaniya faoliyatini o‘zgartirishga qaratilgan choralarni ijobiy baholagan. Ularning fikricha, bu ishlar xalqaro moliya tashkilotlarining kompaniyaga bo‘lgan ishonchini mustahkamlamoqda.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni davom ettirishga, jumladan, taklif etilgan loyihalarni moliyalashtirish masalasida birgalikda ishlashga kelishib olgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «O‘zbekneftgaz»da pasayish kuzatilib, gaz qazib olish yillik rejadan ortda qolayotgani haqida yozgan edik.

Teglar

Mavzuga oid