
Behzod Hoshimov: UZIMEI tizimi olib tashlansa o‘zbekistonliklar milliardlab dollarga boyishi mumkin
15.07.2025 | 18:307864
Iqtisodchi Behzod Hoshimov UZIMEI tizimi fuqarolarni na faqat mablag‘, balki vaqt bilan ham qimmat to‘lovga majbur qilib qo‘yganini aytdi. Uning fikricha, IMEI orqali telefon — mehnat qurolini sun’iy tarzda qimmatlashtirish mamlakat iqtisodiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Iqtisodchi Behzod Hoshimov Uzbekonomics podkastining navbatdagi sonida UZIMEI tizimining O‘zbekiston iste’molchilari uchun yuzaga keltirayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bilinmaydigan xarajatlarini muhokama qildi. Uning ta’kidlashicha, IMEI orqali mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni aholidan faqat mablag‘ emas, balki qimmatbaho vaqtni ham talab qilmoqda.
Hoshimov aytishicha, telefon — bu ko‘pchilik uchun mehnat quroli hisoblanadi. «Yo‘q joydan mehnat qurolini qimmatlashtirish orqali biz fuqarolarning iqtisodiy imkoniyatlarini cheklayapmiz», dedi u. Iqtisodchi, shuningdek, UZIMEI tizimi orqali bir necha milliard dollarlik iqtisodiy zarar yuzaga kelayotganini, bu tizimning bekor qilinishi esa o‘zbekistonliklarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri boyitishini ta’kidladi.
Uning fikricha, bu tizimning mavjudligi mamlakatdagi tashqi savdo siyosati, tovarlar narxi va rasmiy kanallardagi cheklovlar bilan bog‘liq. Odamlar tashqi bozordan arzon mahsulot olib kirishga urinayotgani — ichki bozordagi muammolardan dalolat.
Hoshimov IMEI tizimida har bir foydalanuvchi telefon uchun o‘rtacha 20–30 daqiqa sarflayotganini ta’kidladi. Agar yilda bir million kishi telefon olib kirsa, bu umumiy hisobda insonlarning yuzlab yillik vaqtini yo‘qotishiga sabab bo‘ladi. Bu jarayonga bojxona xodimlari vaqti ham sarflanmoqda.
Ayni paytda IMEI kodini qonuniy ro‘yxatdan o‘tkazish murakkabligi va qimmatligi sabab bozorda 30–250 dollargacha pullik xizmatlar paydo bo‘lgan.
Xukumat bu tizimni qurilmalardan noqonuniy foydalanishga qarshi kurash, sifatsiz texnikaga chek qo‘yish maqsadida joriy qilgan edi. Ammo ijtimoiy muhokamalar, petitsiyalar va iqtisodiy mulohazalarga ko‘ra, bu tizim ko‘proq noqulaylik va iqtisodiy yuk keltirmoqda. 8 iyul kuni esa senator Kobul Tursunov UZIMEI tizimi bo‘yicha raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovga senator so‘rovi yuborgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi «Potrebitel.uz» guruhi foydalanuvchilari Toshkentdagi «Malika» bozorida telefon IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish narxi ancha oshganidan shikoyat qilgan edi.





