
Bir kunda 1,3 trln yo‘qotish: Trampning geosiyosiy tahdidlari investorlarni cho‘chitmoqda
«S&P 500» indeksi 2,1 foizga tushdi — bu so‘nggi uch oydagi eng katta kunlik pasayish bo‘ldi. Aksiyalar, obligatsiyalar va dollar bir vaqtning o‘zida quladi.

AQSH fond bozorlari Donald Trampning ikkinchi prezidentlik muddatining ikkinchi yilini keskin pasayish bilan boshladi. 21-yanvar kuni savdolar yakunlariga ko‘ra, «S&P 500» indeksi 2,1 foizga tushdi — bu so‘nggi uch oydagi eng katta kunlik pasayish bo‘ldi. Natijada, bozor kapitalizatsiyasi 1,3 trlndan ortiqqa qisqardi, deb yozmoqda «Reuters».
Bu kabi pasayishga AQSH prezidenti Donald Trampning savdo urushlarini qayta boshlash, shuningdek, Grenlandiya masalasi sabab Yevropa bilan ittifoqchilikni qayta ko‘rib chiqish haqidagi bayonotlari turtki bo‘ldi.
Ishonch zaiflashmoqda
Bu safar bozordagi sarosima odatdagidan farq qildi: aksiyalar, AQSH g‘aznachilik obligatsiyalari (Treasuries) va dollar bir vaqtning o‘zida qiymat yo‘qotdi. Bu holat investorlar orasida AQSH aktivlariga nisbatan ishonch zaiflashayotganini ko‘rsatdi.
Tahlilchilar bozorda yana «Sell America» («Amerikani sot») strategiyasi haqida gap-so‘zlar paydo bo‘lganini qayd etmoqda. Bu atama ilk bor o‘tgan yil aprelida, «Liberation Day» deb atalgan davrda, kapital AQSH aktivlaridan ommaviy chiqib keta boshlagan paytda ishlatila boshlagan edi.
«Cresset Capital»ning bosh investitsiya strategi Jek Eblin global investorlar tahdidlarni jiddiy qabul qilayotganini ta’kidladi.
«Ozodlik kunidan so‘ng ko‘pchilik tubni sotib olishga harakat qiladi, deb o‘ylagan edim. Aftidan bu safar bunday bo‘lmaydi», — dedi u.
Nozik holatdagi bozor
Mutaxassislarning fikricha, bozor ayni paytda juda nozik holatda. Aksiyalar so‘nggi uch yil davomida ikki xonali o‘sishni ko‘rsatgani sababli qimmat baholanmoqda va har qanday salbiy yangilik kuchli reaksiya chaqiryapti.
«New York Life Investments» vakili Loren Gudvin aksiyalar tushib, obligatsiyalar daromadliligi o‘sib, dollar sotilayotgan kunlar investorlarni asosiy taxminlarini qayta ko‘rib chiqishga majbur qilayotganini bildirdi.
Shu bilan birga, barcha tahlilchilar ham vahimaga berilmaslikka chaqirmoqda. «Angeles Investments» vakili Maykl Rozen AQSH bozorini to‘liq tark etishga hojat yo‘qligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2026 yilda «S&P 500» tarkibidagi kompaniyalar foydasi 15,5 foizga o‘sishi kutilmoqda.





