
Bir nechta banklar bitta yirik mijozga birgalikda kredit berishi tartibi tasdiqlandi
Yangi nizom bilan banklar ishtirokida yirik loyihalarga sindikatlashgan kreditlar ajratishning huquqiy mexanizmlari aniq belgilab berildi.

O‘zbekistonda banklar tomonidan sindikatlashgan kreditlarni ajratish tartibi rasman belgilandi. Adliya vazirligi tomonidan «Banklar tomonidan sindikatlashgan kreditlarni ajratish tartibi to‘g‘risida»gi nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Nizomga muvofiq, sindikatlashgan kredit — bu qarz oluvchini birgalikda moliyalashtirish maqsadida bir nechta moliya institutlari tomonidan ajratiladigan kredit hisoblanadi. Bunday mexanizm, odatda, yirik investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda tavakkalchilikni bir nechta ishtirokchi o‘rtasida taqsimlash imkonini beradi.
Bank sindikati ishtirokchisi sifatida tijorat banklari bilan bir qatorda xorijiy banklar, xalqaro moliya tashkilotlari, shuningdek, o‘z davlati qonunchiligiga muvofiq kredit ajratish huquqiga ega bo‘lgan chet el yuridik shaxslari ham qatnashishi mumkin. Bu esa xalqaro moliya resurslarini jalb etish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Nizomda belgilanishicha, sindikatlashgan kredit olish istagida bo‘lgan qarz oluvchi avvalo bankka tegishli ariza bilan murojaat qiladi. Bank arizani ko‘rib chiqib, sindikatlashgan kredit ajratish mumkinligi to‘g‘risida qaror qabul qilgan taqdirda, qarz oluvchi bilan kreditning dastlabki shartlarini kelishib oladi.
Shundan so‘ng yetakchi ishtirokchi sifatida belgilangan bank sindikatda qatnashishi mumkin bo‘lgan potensial ishtirokchilarga qarz oluvchi haqidagi asosiy ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan rasmiy taklifni yuboradi. Ushbu taklif ishtirokchilarning loyihada qatnashish bo‘yicha qaror qabul qilishi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Bank sindikati sindikat ishtirokchilari o‘rtasida tuziladigan yozma kelishuv asosida shakllantiriladi. Mazkur kelishuvda ishtirokchilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar, huquq va majburiyatlar, shuningdek, kredit berish shartlari aniq belgilab qo‘yiladi.
Ma’lumot uchun, banklar tomonidan sindikatlashgan kredit — bu bir emas, bir nechta banklar birlashib bitta yirik mijozga birgalikda kredit berishidir. Ya’ni, agar kredit juda katta summada bo‘lsa va bitta bank uchun xatarli yoki og‘ir bo‘lsa, bir necha bank “sindikat” bo‘lib, kreditni bo‘lib-bo‘lib beradi.





