
Birjada un narxida pasayish kuzatildi
24–30-noyabr kunlarida o‘tkazilgan birja savdolarida un narxining anchayin tushgani ma’lum bo‘ldi.

O‘tgan hafta, 24–30-noyabr kunlari «O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi» AJning barcha savdo platformalarida 39 392 ta bitim tuzilgan bo‘lib, bu avvalgi haftaga nisbatan 9,7 foizga oshgan. Bu haqda birja axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, birja savdolari ko‘rib chiqilayotgan davrda ochiq birja savdolari orqali jami 12 723 ta bitim tuzildi.
Jumladan, birja savdolari orqali 14 632 tonna un sotildi. Bu davrda bir tonna unning kunlik o‘rtacha narxi 3 mln 796,8 ming so‘mdan 3 mln 697,6 ming so‘mgacha pasaydi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 188 nafar xaridor ishtirok etdi.
Shuningdek, birja savdolari orqali 9 518 tonna sheluxa sotildi. O‘tgan haftada bir tonna sheluxaning kunlik o‘rtacha narxi 3 mln 102,9 ming so‘mdan 3 mln 81,2 ming so‘mgacha pasaydi.
Bundan tashqari, birjada 6 872 tonna ammiakli selitra sotildi. O‘tgan haftada bir tonna ammiakli selitraning kunlik o‘rtacha narxi 3 mln 150,1 ming so‘mdan 3 mln 113,5 ming so‘mgacha tushdi.





