add

Biznes vakillari ish haqi kechikishi uchun kompensatsiya formulasi qayta ko‘rib chiqilishini talab qilmoqda

O‘zbekistonda tadbirkorlar ish haqi kechikishi uchun hisoblanadigan kompensatsiya miqdori bo‘yicha Mehnat kodeksidagi formulani qayta ko‘rib chiqishni talab qilmoqda. Ular bu mexanizm ish beruvchilarni adolatsiz jarimaga tortayotganini ta’kidlashmoqda.

Biznes vakillari ish haqi kechikishi uchun kompensatsiya formulasi qayta ko‘rib chiqilishini talab qilmoqda
14 iyul kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan umumiy ovqatlanish va savdo sohasi vakillari ishtirokida o‘tkazilgan ochiq muloqotda mazkur masala ko‘tarildi. TESTO hammuassisasi Nargiza Ulug‘ova Mehnat kodeksining 333-moddasiga e’tibor qaratdi. Unga ko‘ra, ish haqi kechiktirilsa, ish beruvchi xodimga Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasining 10 foizidan kelib chiqib, kunlik 1,4 foiz miqdorida kompensatsiya to‘lashi shart. Ulug‘ovaning ta’kidlashicha, bu holatda yillik 14 foizlik stavka kunlik hisobga ko‘chirilishi adolatsizlik bo‘lib, bir oy kechikish uchun 42 foiz kompensatsiya to‘lanishiga olib kelmoqda. Uning fikricha, kompensatsiya miqdorini yil kunlariga bo‘lib qayta hisoblash maqsadga muvofiq. «Karbonat» AJ rahbari Farrux Sadiqxo‘jayev esa, kompaniyaning tabiiy gaz yetishmovchiligi tufayli oylab ishlab chiqarish to‘xtaganini va ish haqlari kechiktirilganini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, oylik 5 mln so‘m bo‘lgan xodimlarga 50 mln so‘m kompensatsiya to‘lash majburiyati yuklangan. Kompaniya 800 mln so‘mlik maosh jamg‘armasiga ega bo‘lgan holda, 8 mlrd so‘mlik kompensatsiya talablari bilan to‘qnash kelgan. Bu esa ishlab chiqarishning to‘liq to‘xtashi va bankrotlik xavfiga olib kelgan. Mavjud formula sababli Jizzaxdagi to‘rtta to‘qimachilik korxonasi ham shunday muammoga duch kelgani aytildi. Sadiqxo‘jayev qonunni qo‘llashda sud va davlat idoralari faqat bir talqinga tayanayotganini tanqid qildi, deb yozmoqda Spot.uz nashri. Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov mehnat kodeksidagi bu modda biznes uchun og‘ir oqibatlarga olib kelayotganini ta’kidlab, tegishli vazirlik bilan ochiq muhokama o‘tkazish kerakligini bildirdi. Savdo va xizmat ko‘rsatish assotsiatsiyasi raisi Zafar Hoshimov esa moddani noadekvat deb atab, ish beruvchi va ishchi manfaatlari o‘rtasida nomutanosiblik keltirib chiqarayotganini qayd etdi. U bu borada parlament va ishchi guruhlar bilan faol hamkorlik qilishni taklif qildi.

Teglar

Mavzuga oid