add

Bosh prokuratura Akmal Shukurovning ozodlikka chiqishi bo‘yicha rasmiy bayonot berdi

Bugun 21:002 daqiqa

Unga ko‘ra, Toshkent shahar sudi raisi o‘rinbosari M.Mirzajonov mansab mavqeidan foydalanib sudyalarga qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazgan.

Bosh prokuratura Akmal Shukurovning ozodlikka chiqishi bo‘yicha rasmiy bayonot berdi

Toshkent shahar sudi raisi sobiq o‘rinbosari Murodjon Mirzajonovga nisbatan Jinoyat kodeksining 231-modda 2-qismi, 236-modda 2-qismi bilan hamda jinoyat ishlari bo‘yicha shahar sudining sobiq sudyalari Odilbek Ilhomjonov, Mirziyod Abidov va Muxtarama Turgunovalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 231-modda 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Bosh prokuratura bergan bayonotda keltirilgan.

Ish hujjatlariga ko‘ra, A.Shukurov juda ko‘p miqdorda o‘zganing mulkini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritish, bezorilik, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jinoyatlarini sodir etgani yuzasidan jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudining hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining bir qator moddalari bilan aybdor deb topilib, unga 8 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Sudlanuvchi A.Shukurov yuqoridagi hukmdan norozi bo‘lib, sudga qilgan apellyatsiya shikoyati apellyatsiya instansiyasining sudyalari O.Ilhomjonov, M.Abidov va M.Turgunovalar tomonidan ko‘rib chiqilib, birinchi instansiya sudining hukmini o‘zgartirish, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirish to‘g‘risidagi xulosaga kelishgan.

Biroq, Toshkent shahar sudi raisi o‘rinbosari M.Mirzajonov mansab mavqeidan foydalangan holda, ishni har tomondan, to‘la va xolisona ko‘rilishiga to‘sqinlik qilib, sud ishlariga aralashib, sudyalarga qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazishi oqibatida, sudyalar O.Ilhomjonov, M.Abidov va M.Turgunovalar uning topshirig‘i noqonuniy ekanini oldindan bila turib, odil sudlovni amalga oshirish va qaror qabul qilishda mustaqil bo‘lsalar-da, javobgarlikning muqarrarligi prinsipiga amal qilmasdan, birinchi instansiya sudining hukmini o‘zgartirib, Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, qamoq ehtiyot chorasi bekor qilingan holda, jazoni uzil-kesil 3 yil 3 oy muddatga ozodlikni cheklashga almashtirib, uni sud zalidan qamoqdan ozod etib, og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lgan noqonuniy va adolatsiz ajrim chiqarishgan.

Yuqoridagilarga ko‘ra, jinoyat ishi doirasida shahar sudi raisi sobiq o‘rinbosari M.Mirzajonov hamda jinoyat ishlari bo‘yicha shahar sudining sobiq sudyalari O.Ilhomjonov, M.Abidov va M.Turgunovalar ayblanuvchi tariqasida ishga jalb qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari Bosh prokuratura tomonidan olib borilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, Toshkent shahar prokuraturasi protesti asosida A.Shukurovga oid ish shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati taftish ish instansiyasida ko‘rilib, tegishli ajrim bilan protest qanoatlantirilgan va birinchi instansiya sudining hukmi o‘zgartirilib, apellyatsiya instansiyasining ajrimi bekor qilinib, A.Shukurovga 5 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan va sud zalidan qamoqqa olinib, unga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlangan.

Teglar

Mavzuga oid