add

Bosh prokuratura bolalar zaharlanishi yuzasidan ishchi guruh tuzdi

29.09.2025 | 13:2050194

Toshkent viloyatida bolalar ommaviy zaharlanishi bilan bog‘liq holat yuzasidan Bosh prokuratura maxsus ishchi guruh tuzib, tergov jarayonini o‘z nazoratiga oldi.

Bosh prokuratura bolalar zaharlanishi yuzasidan ishchi guruh tuzdi
Joriy yilning 24 sentyabr kuni Toshkent viloyatining Piskent, Bo‘ka, Bekobod, Quyichirchiq va Oqqo‘rg‘on tumanlarida maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilarining zaharlanish holatlari aniqlangan. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, bolalar sog‘lig‘idagi o‘zgarishlarga sifatsiz sut mahsulotlari sabab bo‘lgan. 26 sentyabr kuni soat 10:00 holatiga ko‘ra, Toshkent viloyatida 1940 nafar bog‘cha bolasi zaharlanish bilan bog‘liq holatdan shikoyat bilan shifoxonalarga murojaat qilgan edi. Ushbu holat yuzasidan Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan bir nechta autsorsing xizmatini ko‘rsatuvchi xususiy korxonalar mas’ul shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgani va 7 kishi qamoqqa olingani haqida xabar bergan edik. Tergov ishi sinchkovlik bilan, to‘la va sifatli o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida jinoyat ishi Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olindi hamda Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.Valiyev rahbarligida maxsus ishchi guruh tuzildi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati xabar berdi. Tergov davomida ushbu autsorsing korxonalar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilgan barcha maktabgacha ta’lim muassasalaridagi tarbiyalanuvchilar to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Prokuratura organlari bunday holatlarning oldini olish uchun barcha davlat bog‘chalarida autsorsing shartnomalari asosida oziq-ovqat yetkazib berish jarayonlarini ham o‘rganmoqda. Tekshiruv yakunida jamoatchilikka qo‘shimcha axborot berilishi ma’lum qilindi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 28 sentyabrda 182 nafar bola davolanmoqda, ularning ahvoli barqaror, og‘ir holatdagilar yo‘q.

Teglar

Mavzuga oid