Bosh prokuraturaga ayrim korxonalar va ularning muammolarini o‘rganish topshirildi
Ekspertlar O‘zbekistondagi «korxona rahbarlarida korporativ madaniyat yetishmaydi, xarajatni qisqartirish, foydani oshirish bo‘yicha zaxira ko‘p», demoqda.

O‘zbekistondagi strategik korxonalarni «Yagona g‘aznachilik» axborot tizimi bilan qamrab olish, barcha xaridlarni risk-tahlil asosida «qizil», «sariq» va «yashil» toifalarga ajratib, samarasiz xarajatlarga butunlay chek qo‘yish muhim. Bu haqda bugun, 13-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida o‘tkazayotgan tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda so‘z ochdi.
Ma’lumki, 2025 yilda Milliy investitsiya jamg‘armasi tashkil qilinib, dunyodagi nufuzli «Franklin Templeton» kompaniyasi boshqaruviga berilgan. Ushbu kompaniya bir yil davomida strategik korxonalar faoliyatini tahlil qilgan. Ekspertlar «korxona rahbarlarida korporativ madaniyat yetishmaydi, xarajatni qisqartirish, foydani oshirish bo‘yicha zaxira ko‘p», degan. Buning uchun 19 ta strategik korxona rahbari xarid tizimi, logistika, raqamlashtirish, energiya samaradorlik bo‘yicha qattiq ishlab, tannarxni 10-20 foizga qisqartirishi kerakligi ko‘rsatib o‘tilgan.
«Iqtisod qilish rejasi ishlab chiqarishni kamaytirish yoki qaysidir xarajatni keyinroqqa surish hisobidan emas, balki bir birlik mahsulot tannarxini qisqartirish orqali ta’minlanishi shart», – dedi Prezident.
Hokimlarga ham savollar ko‘p
Shuningdek, hududiy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha viloyat, tuman hokimlariga ham savollar ko‘pligi qayd etildi. So‘nggi uch yilda jami investitsiyalar 1,8 barobarga ko‘paygan. Lekin ayrim tumanlarda investitsiyaning sanoatga ta’siri ko‘rinmayotgani tanqid qilingan.
Masalan, Karmanada investitsiya yiliga 50 foizdan o‘sib borgani bilan sanoati atigi 4 foiz oshgan. Xususan, faoliyat yuritayotgan 495 ta korxonadan 470 tasida rasmiy ishchilari 5 nafarga ham yetmaydi, faoliyat to‘xtagan deb hisobot topshirgan 20 ta korxona elektr va gazdan haligacha foydalanyapti.
Zafarobod tumanida ham shu ahvol. Investitsiya 4 barobar o‘sgan, lekin sanoatda o‘zgarish yo‘q.
Umuman, uch yilda respublika sanoati 21 foizga o‘sgan bo‘lsa, Xatirchi, Karmana, Uchqo‘rg‘on, Bag‘dod, Oqqo‘rg‘on, Bo‘ka, Uzun, Jarqo‘rg‘on, Yakkabog‘, Payariq, Mirzaobod va Zafarobodda bu ko‘rsatkich 10 foizga ham yetmagan.
Ushbu tumanlar joylashgan viloyatlar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlariga 12 ta tumanga borib, bir oy shu yerda qolib ishlash, ishlab chiqarish pasaygan korxonalarni «oyoqqa turg‘azish», ushbu tumanlar sanoatida bu yil o‘sish sur’atini oshirish topshirildi.
Kredit oshsa ham, iqtisodiy o‘sish kam
Joylarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun kredit resurslari ko‘payib bormoqda. Lekin hokimlar buning iqtisodiy o‘sishga, ish o‘rni va budjetga ta’sirini hisob-kitob qilmayapti. Masalan, Tuproqqal’a, Kitob, Yakkabog‘ va Paxtachida ajratilgan kreditlar kamida 20 foiz oshgan bo‘lsa, sanoat o‘sishi 3 foiz ham bo‘lmagan.
Agar viloyat hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari mazkur korxonalarning muammosini eshitib, vaqtida yechim topganida respublika sanoatida qo‘shimcha 1 foiz, yalpi ichki mahsulotda 0,1 foiz o‘sish bo‘lardi, budjetga qo‘shimcha 1 trillion so‘m tushum tushardi.
Bosh prokuraturaga so‘nggi uch yilda ishga tushgan, lekin past quvvatda ishlayotgan loyihalarni, ushbu korxonalar faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan har bir masalani birma-bir o‘rganish topshirildi.
Umuman, mutasaddilarga respublika sanoatini kamida 8,5 foizga o‘stirish bo‘yicha tarmoqbay va hududbay reja tasdiqlash vazifasi qo‘yildi.
Birinchi chorak yakuni bilan sanoat korxonalarida nechta masala aniqlanib, qanchasi hal qilinganiga qarab, iqtisodiy kompleks, tarmoq rahbarlari, viloyat hokimlarining faoliyatiga baho berilishi qayd etildi.





