Tadbirkor jarimaning 50 foizini 1 oy ichida to‘lasa, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin

Bugun 22:013 daqiqa

Prezidentga taqdim etilgan yangi takliflarga ko‘ra, jarima topshirilgan kundan boshlab bir oy ichida uning yarmini to‘lagan tadbirkor qolgan qismidan ozod qilinadi. Bundan tashqari, elektron reyestrga kiritilmagan jarimalar haqiqiy emas deb topilishi belgilanmoqda.

Tadbirkor jarimaning 50 foizini 1 oy ichida to‘lasa, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin © Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-aprel kuni tadbirkorlik subyektlariga nisbatan moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini yanada liberallashtirish, bu borada ortiqcha byurokratik to‘siqlarni qisqartirish hamda davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyati ustidan sud nazorati samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Taqdimotda bugungi kunda moliyaviy jarimalarni qo‘llash amaliyotida tadbirkorlar uchun qator muammolar saqlanib qolayotgani qayd etildi. Xususan, ayni paytda jarimalarning aksariyati vakolatli organlar, qolganlar esa sudlar tomonidan qo‘llanilayotgani sud nazoratini kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Shu munosabat bilan joriy yil 1-oktabrdan moliyaviy jarimalarni ixtiyoriy to‘lashni rag‘batlantiruvchi yangi va yagona tartibni joriy etish taklif qilindi. Unga ko‘ra, tadbirkorlik subyekti vakolatli organning qarori topshirilgan kundan boshlab bir oy ichida jarimaning 50 foizini to‘lasa, qolgan qismini to‘lashdan ozod etiladi.

Shuningdek, jarimani olti oy davomida teng ulushlarda bo‘lib to‘lash imkoniyatini yaratish nazarda tutilmoqda. Bunda qaror topshirilganidan so‘ng bir oy ichida jarima summasining oltidan bir qismi to‘lansa, mazkur tartib avtomatik ravishda amal qiladi.

Sud nazoratini kuchaytiriladi

Sud nazoratini kuchaytirish maqsadida vakolatli organning moliyaviy jarimani qo‘llash to‘g‘risidagi qarori sud tomonidan bekor qilingan yoki haqiqiy emas deb topilgan taqdirda undirilgan mablag‘larni 15 kun muddatda qaytarish mexanizmini belgilash taklif etildi. Agar ushbu muddat buzilsa, kechiktirilgan har bir kalendar kun uchun Markaziy bank asosiy stavkasidan kelib chiqqan holda foiz hisoblanishi nazarda tutilmoqda.

Moliyaviy jarimalarni qo‘llash jarayonlarini raqamlashtirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Biznes-ombudsman tomonidan yuritiladigan “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida tadbirkorlik subyektlariga nisbatan qo‘llanilgan moliyaviy jarimalarning elektron reyestrini joriy etish taklif qilindi.

Vakolatli organlarning qarorlari qabul qilinganidan keyin elektron raqamli imzo bilan mazkur tizimga kiritilishi shart bo‘ladi. Axborot tizimiga kiritilmagan va elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanmagan qarorlar haqiqiy emas deb hisoblanadi hamda ular asosida jarima undirilmaydi.

Shuningdek, mobil ilova orqali moliyaviy jarimalar hisobini yuritish, ularni monitoring qilish va onlayn to‘lash imkoniyatini yaratish, manfaatdor idoralarning axborot tizimlarini o‘zaro integratsiya qilish zarurligi qayd etildi. Soliq to‘lovchi – tadbirkorlik subyektining shaxsiy kabineti orqali moliyaviy jarima to‘g‘risidagi qarorlar ustidan onlayn shikoyat berish va shikoyat kiritilishi bilan qaror ijrosini avtomatik to‘xtatib turish imkoniyatini joriy etish nazarda tutilmoqda.

“Huquqiy ta’sir choralari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi

Taqdimotda huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash tartibini unifikatsiya qilishga qaratilgan “Huquqiy ta’sir choralari to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish taklifi bildirildi.

Davlat rahbari tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, ularni qonunga rioya etgan holda faoliyat yuritishga rag‘batlantirish, jarima qo‘llash amaliyotida adolat va shaffoflikni ta’minlash eng muhim vazifalardan ekanini ta’kidladi.

Takliflarni puxta ishlab chiqib, sud nazoratini kuchaytirish, raqamlashtirishni jadallashtirish va sohada yagona, aniq hamda adolatli huquqiy mexanizmni shakllantirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

Teglar

Mavzuga oid