Ho‘rmuzdan Vengriyagacha: Dunyo tartiboti qulayapti
AQSH va Eron o‘rtasidagi taranglik, Yevropadagi siyosiy o‘zgarishlar hamda energiya bozoridagi uzilishlar global xavfni yangi bosqichga olib chiqmoqda.

Global dunyo tartiboti birgina kuchli portlash bilan qulab tushmaydi. Tarix, xususan, Vestfal va Versal tizimlarining inqirozi shuni ko‘rsatadiki, xalqaro munosabatlar birdaniga emas, balki o‘nlab yillar davomida ishonchli sanalgan mexanizmlarning sezilar-sezilmas darajada oqsashidan boshlanib, asta-sekin yemirilib boradi.
Biroq 2022 yili Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan bu xavotirli simptomlar hamma yerda ko‘zga tashlana boshladi: Donbassdan to G‘azo va Livangacha, Qizil dengizdagi neft terminallaridan tortib Budapeshtdagi kutish zallarigacha.
Xuddi Napoleon yoki Gitler boshlagan urushlar davridagi kabi, ertangi kunga ishonchini yo‘qotgan insonlar bugun faqatgina qaynoq xabarlar oqimiga ko‘z tikib qolmayapti. Ular diplomatik yechimlar uchun maydon o‘ta xatarli darajada torayib ketganini butun vujudi bilan his qilmoqda. Zero, xavf-xatar endilikda shunchaki ehtimol emas, balki insoniyat hayotining yangi me’yoriga aylanib ulgurdi.

Soyadagi boshi berk ko‘cha: Eron va AQSH jar yoqasida
Ar-Riyod «Sharq-G‘arb» quvuri orqali neft haydashni qayta tiklab, uni maksimal quvvatga chiqardi. Oddiy o‘quvchi uchun bu arab dunyosining yetakchi davlatida neft sanoati va yo‘nalishlarni diversifikatsiya qilishga oid ahamiyatsiz bir yangilikdek tuyulishi mumkin. Ammo geosiyosiy tahlilchi uchun bu dramatik voqelikning e’tirofidir: dunyo energetikasining bosh arteriyasi bo‘lmish Ho‘rmuz bo‘g‘ozi endi neft bozori ishtirokchilari tomonidan xavfsiz yo‘nalish sifatida ko‘rilmayapti.
Dunyoning eng yirik neft eksportchisi qimmatga tushuvchi aylanma yo‘llarga tayanayotgan ekan, u shunchaki yaqinlashib kelayotgan balodan saqlanishga urinmayapti, balki bozorga muhim signal yo‘llamoqda: Ko‘rfazdagi kafolatlangan navigatsiya davri o‘z nihoyasiga yetdi. Neft shunchaki qimmatbaho mahsulot bo‘lishdan to‘xtab, bosim o‘tkazish vositasiga va ayni paytda jahon iqtisodiyotining «Axilles tovoni»ga aylandi.
Saudiyalik muhandislar quvur jo‘mraklarini ochayotgan bir paytda, diplomatlar yopiq eshiklar ortida ularni mahkam yopmoqda. Vashington va Tehron o‘rtasidagi, ehtiyotkorlik bilan umid bog‘langan muzokaralar, amalda boshi berk ko‘chaga kirib qoldi.
Soatlab davom etgan muzokaralar «tomonlar o‘z fikrida qoldi» qabilidagi quruq bayonotdan boshqa hech qanday natija bermadi. Yaqin Sharq voqeligida jarayonning oldinga siljimasligi — bu shunchaki vaqtinchalik to‘xtalish emas, balki «kutish rejimi»dagi yangi keskinlashuvdan darak beradi.
Nizoning asosiy omillari bo‘lmish yadro dasturi, kema qatnovi ustidan nazorat va proksi-guruhlar ta’siri shu qadar hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqdaki, har qanday yon berish tomonlar uchun siyosiy xudkushlikka tenglashtirilyapti.
Diplomatiya sukut saqlaganda, harbiy budjetlar gapira boshlaydi. Va ular allaqachon tilga kirdi.
Ayni paytda barchaning e’tibori yagona savolga qaratilgan: AQSH Kongressi Trampga urushni davom ettirish uchun 200 milliard dollar miqdorida mablag‘ ajratadimi?

Vengriyadagi siyosiy vaziyat
Dunyo jamoatchiligining e’tibori Sharqqa qaratilgan bir paytda, Yevropada G‘arbning Eron va Rossiyaga nisbatan bosim o‘tkazish tizimini tubdan o‘zgartirib yuboruvchi voqea yuz bermoqda. Vengriyadagi saylovlar yillar davomida Brussel, Moskva va Pekin o‘rtasida ayyorona, ammo ustalik bilan muvozanat saqlab kelgan Yevropa Ittifoqining «qaysar bolasi» — Viktor Orbanning shundoq ham zaiflashib qolgan mavqeiga qattiq zarba berdi.
Bir qarashda Budapeshtning taqdiri Fors ko‘rfazidagi muammolardan ancha yiroqdek tuyulishi mumkin. Biroq shuni unutmaslik lozimki, Vengriya «Turk oqimi» gaz quvurining muhim tranzit tuguni hisoblanadi. Orbanning tashqi siyosiy kursi inqirozga yuz tutib, Yevropa yanada jipslashar ekan, qit’aning tashqi tahdidlarga nisbatan siyosati ancha qat’iy va oldindan taxmin qilinadigan shaklga kiradi. Bu nafaqat Moskva, balki Tehron uchun ham o‘ta noxush xabardir: endi Yevropada G‘arb ichidagi ziddiyatlardan ustamonlik bilan foydalanish imkonini beradigan «zaif xalqa» barham topmoqda.
Amerikaning ichki fronti: MAGA lageridagi bo‘linish
Eng asosiy noaniqlik — AQSHning o‘zida kuzatilayotgan va jiddiy ixtiloflarga sabab bo‘layotgan ichki siyosiy vaziyatdir. Mamlakat ichkarisida keng ko‘lamli urushni davom ettirish uchun zarur yakdillik yo‘q. Buning ustiga, bo‘linish hech kim kutmagan joyda — Donald Tramp harakatining qoq markazida namoyon bo‘ldi.
«Forbes» nashri siyosiy kayfiyatdagi keskin burilishni qayd etmoqda: Aleks Jons va Kendis Ouens kabi taniqli shaxslar Trampning qat’iy siyosatini va uning Eronga qarshi urushini ochiqchasiga tanqid qilmoqda. Izolyatsionist qarashdagi, ya’ni «Avvalo Amerika» shiorini olg‘a suruvchi ashaddiy MAGA tarafdorlarining bir qismi uchun mazkur mafkura ulkan mablag‘lar va insonlar hayotini yutib yuboruvchi navbatdagi girdobga tortilishni emas, balki mintaqadan chiqib ketishni anglatadi.
Amerika jamiyati Yaqin Sharqdagi vaziyatga geosiyosiy shaxmat taxtasi orqali emas, balki yoqilg‘i quyish shoxobchalaridagi narxlar orqali baho bermoqda. Uzoqqa cho‘ziladigan mojarodan cho‘chish hissi har qanday mafkuraviy qarashlardan ustun kelmoqda.

To‘g‘ri, amerikaliklarning aksariyati Eronga xayrixoh emas. Qolaversa, ular o‘z mamlakatining tashqi siyosiy kursi va, umuman, xalqaro siyosatdan ancha yiroq. Biroq ular «tezkor va oson g‘alaba» bo‘lishiga bundan-da kamroq ishonadi. Bu esa jamiyat sabr-toqatining o‘ziga xos chegarasini belgilab beradi va Oq uy (amaldagi ma’muriyat bo‘ladimi yoki keyingisimi) bu omilni e’tiborsiz qoldira olmaydi.
Xulosa
Ko‘z o‘ngimizda o‘ta tahlikali manzara namoyon bo‘lmoqda: neft infratuzilmalari qamal holatiga tayyorlanmoqda, diplomatiya falajlangan, G‘arb ittifoqlari va siyosiy harakatlari ichidagi ziddiyatlar esa tobora chuqurlashib bormoqda.
Halokat muqarrarmi? Tan olish kerakki, avvalgi mintaqaviy tartibot va global xalqaro tizim endi davlatlarga hech qanday xavfsizlik kafolatini bera olmayapti. Hech kim yon berishni istamayapti, sabr kosasi esa allaqachon to‘lib bo‘lgan... Ukrainadagi urush ortidan boshlangan dastlabki sezilar-sezilmas «g‘ichirlashlar» endi butun boshli tizim qulayotganidan darak beruvchi quloqni qomatga keltiradigan gumburlashga aylandi.





