
Britaniya ham bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklamoqchi
Buyuk Britaniya hukumati bolalarni internet xavflaridan himoya qilish uchun keskin raqamli cheklovlarni muhokama qilmoqda.

Buyuk Britaniya hukumati bolalarni internetda yaxshiroq himoya qilish maqsadida ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklash bo‘yicha yangi chora-tadbirlarni ko‘rib chiqmoqda. Eng muhimi, London voyaga yetmaganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni to‘liq taqiqlash ehtimolini ham istisno qilmayapti.
Hukumatning ma’lum qilishicha, bu masalada Avstraliya tajribasi alohida o‘rganiladi. Britaniya vazirlari Kanberraga tashrif buyurib, u yerda 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash bo‘yicha qabul qilingan qarorning amaliy natijalarini tahlil qilishni rejalashtirmoqda. Avstraliya mazkur qadam bilan dunyoda birinchi bo‘lgan edi.
Shuningdek, maktablarda mobil telefonlardan foydalanish qoidalarini yanada qat’iylashtirish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqilyapti. Hukumat fikricha, smartfonlardan haddan tashqari foydalanish ta’lim jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatib, bolalarning diqqatini pasaytiradi.
Ilm-fan, innovatsiyalar va texnologiyalar vaziri Liz Kendall amaldagi qonunlar ushbu sohada «oxirgi so‘z» emasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, raqamli muhit tez o‘zgarayotgan bir paytda qo‘shimcha va samarali mexanizmlar joriy etish zarur.
Bunday xavotirlar faqat Britaniyaga xos emas. Masalan, Daniya 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni cheklash rejalarini e’lon qildi. Bu qaror ham bolalar ruhiy salomatligi bilan bog‘liq xavotirlar ortib borayotgani bilan izohlanmoqda.
Yevropa miqyosida esa Yevropa komissiyasi yaqin vaqtlarda YouTube va Snapchat kabi platformalarning voyaga yetmaganlarni himoya qilish bo‘yicha Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonun talablariga qay darajada rioya qilayotganini tekshirishini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, Fransiya hukumati bolalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida 15 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlashni rejalashtirayotgandi.
Avvalroq Vaqt.uz davlatlarda bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish cheklanishi sabablari, bu bo‘yicha tadqiqotlar va ekspertlar fikrini o‘rganib, tahliliy material e’lon qilgandi.





