
«Bu – xalqaro amaliyot»: Hokimlik bozorlarda tasvirga olish pulli bo‘lishi bo‘yicha tushuntirish berdi
Toshkent shahar hokimligi bozorlarda suratga olish uchun yig‘ilgan to‘lovlar infratuzilmani rivojlantirishga yo‘naltirilishini ta’kidladi.

Avvalroq Toshkent shahar hokimi imzolagan qarorga ko‘ra, bozorlarda reklama maqsadida tasvirga olish narxi 5 mln so‘m etib belgilangani haqida xabar bergandik.
Toshkent shahar hokimligi bozorlar hududida videotasvirga olishning yangi qoidalari bo‘yicha tushuntirish berdi.
Hokimlik xabariga ko‘ra, bu tartib oddiy tashrif buyuruvchilarga tegishli emas. Xaridlarni telefonga suratga olish, oila bilan rasmga tushish, shaxsiy blog yoki storislar yuritish – bepul. Sayyohlar, maktab o‘quvchilari, talabalar, rasmiy OAV jurnalistlariga hech qanday cheklovlar qo‘llanilmaydi.
«Qoidalar faqat tijorat maqsadidagi suratga olishga, ya’ni pul ishlab, daromad olish uchun mo‘ljallangan videotasvirlarni olishga taalluqli», deyiladi hokimlik xabarida.
Qayd etilishicha, ushbu to‘lov quyidagilarga taalluqli:
muntazam ravishda reklama, integratsiya va «prosmotr»lardan pul topadigan yirik blogerlar va inflyuenserlar;
kliplar, reklama roliklari, hujjatli loyihalar, seriallar yoki filmlar suratga oladigan tijorat studiyalari va media ishlab chiqarish guruhlari;
o‘z tovarlari va xizmatlarini targ‘ib qilish uchun bozor hududidan foydalanadigan kompaniyalar.
«Bu – keng tarqalgan xalqaro amaliyot. Dunyoning barcha yirik shaharlarida – Istanbuldan tortib Parijgacha – tijorat maqsadidagi suratga olish uchun pul to‘lanadi», deya qayd etiladi hokimlik tushuntirishida.
Ta’kidlanishicha, tijorat maqsadidagi suratga olish uchun to‘lovlar rasmiy, shaffof tarzda yig‘iladi va infratuzilmani rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
«Bu yerda hech qanday «shaxsiy manfaatlar» yoki «cho‘ntak sxemalari» yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas», deyilgan hokimlik xabarida.





