
Buxorodagi 2 ta ta’lim tashkilotiga elektr energiyasi uchun 1,8 mlrd so‘mdan ortiq asossiz qarz hisoblangan
Raqobat qo‘mitasi «Hududiy elektr tarmoqlari» AJga elektr energiyasi uchun asossiz ravishda hisoblangan qarzdorlik uchun qonun talablari buzilishi yuzasidan ish qo‘zg‘atdi.

Buxoro viloyatidagi ikki yirik ta’lim muassasasi — Buxoro davlat universiteti hamda Buxoro davlat tibbiyot instituti «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining «Energiyasavdo» filiali faoliyatidan norozi bo‘lib, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hududiy boshqarmasiga murojaat qilgan. Bu haqda Raqobar qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.
Qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar jarayonida mazkur tashkilotlarga xizmat ko‘rsatuvchi filial tomonidan oshirilgan tariflar orqali 1,8 milliard so‘mdan ziyod asossiz qo‘shimcha to‘lov hisoblangani aniqlangan.
Shundan so‘ng hududiy boshqarma huzuridagi Maxsus komissiya «Energiyasavdo» filialiga nisbatan «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun talablarini buzish bo‘yicha ish qo‘zg‘atdi. Komissiya ishni ko‘rib chiqqanidan keyin, qonunbuzilishni bartaraf etish hamda hisoblangan mablag‘ni qayta ko‘rib chiqish haqida majburiy ko‘rsatma berdi.
Natijada, Buxoro davlat universiteti va tibbiyot institutiga asossiz hisoblangan 1,8 milliard so‘m ortiqcha qarz qayta hisoblanishi belgilandi. Shu bilan birga, kelgusida bu kabi kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha choralar ko‘rish vazifasi yuklatildi.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, ushbu qarordan norozi bo‘lgan tomonlar Qo‘mita Apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Hududiy elektr tarmoqlari» Toshkentdagi bir korxonaga elektr energiyasi uchun 1 mlrd so‘mdan ortiq asossiz daromad hisoblagani, Raqobat qo‘mitasi HETga asossiz hisoblangan daromadni iste’molchiga qayta hisob-kitob qilish to‘g‘risida ko‘rsatma bergani haqida xabar bergan edik.





