Buxoroning yangi aeroporti: 226 mln dollarlik loyihaga savollar
Samarqand aeroportidan uch barobar qimmatroq va dastlabki tendersiz boshlangan Buxoro aeroporti loyihasi endi yangi tender bosqichiga o‘tdi. Biroq avvalgi yopiq kelishuvlar va sarflangan milliardlab mablag‘lar taqdiriga oid savollar hanuz javobsiz qolmoqda.

«Uzbekistan Airports» 2026-yil 11-martda Buxorodagi yangi xalqaro aeroportini davlat-xususiy sherikchilik asosida qurish va boshqarish bo‘yicha tender boshlanganini e’lon qildi.

Buxoro aeroporti loyihasi
Vaholanki, aeroport hech qanday tendersiz xorijiy investorga topshirilgan, texnik iqtisodiy asoslari tasdiqlanmay turib, qurilish-montaj ishlari boshlab yuborilgani haqida ham 2025-yilning 20-martida «Uzbekistan Airports»ning o‘zi ma’lum qilgan edi. O‘sha paytda kompaniya raisi Javlonbek Umarxo‘jayev 2026-yil oxirigacha yangi aeroport qurilishini yakunlash va foydalanishga topshirish rejalashtirilganini ham aytgan.
Yangi aeroport qanday bo‘ladi?
Soatiga 1200 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatuvchi yangi aeroportning qiymati 226 mln dollar deb baholangan. Loyiha Buxoro tumanidagi «Qumsulton» massivida yangi aeroport majmuasini barpo etishni nazarda tutadi. U ichki va xalqaro reyslarga xizmat ko‘rsatib, mintaqadagi muhim transport tugunlaridan biriga aylanishi kutilmoqda.
«Buxoro aeroporti turistlar oqimini 2 barobar oshirish rejasi uchun kichiklik qilmoqda. Kecha Buxoro tumanida hozirgidan 226 million dollarlik yangi zamonaviy xalqaro aeroport qurilishiga start berildi. Bu yerda haftasiga 100 ta reys yo‘lga qo‘yiladi», — deya 2024-yilda ma’lum qilgan edi prezident matbuot xizmati.
Loyihaga ko‘ra:
48,5 ming kvadrat metr maydonga ega yo‘lovchi terminali quriladi;
xalqaro reyslar uchun soatiga 1200 nafar, ichki reyslar uchun 400 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi;
keytering binosi, avtoturargohlar va yuk maydonchalari barpo etiladi;
8000 kub metr sig‘imga ega yonilg‘i majmuasi tashkil etiladi.
Shu bilan birga, aerodrom infratuzilmasi davlat tasarrufida qoladi. Xususiy sherik esa terminal va unga bog‘liq infratuzilmani qurish hamda ekspluatatsiya qilish uchun mas’ul bo‘ladi.
«Enter Engineering» kompaniyasi Buxoro aeroportiga xususiy sherik
O‘zbekiston hukumati xodimlar, budjet va banklar oldidagi qarzdorlikni uzish uchun «Enter Engineering», «Eriell Grou»p va «Sanoat Energetika Guruhi» (SANEG) kompaniyalar guruhining nosohaviy aktivlarini sotish rejalashtirilishi fonida aeroport qurilishida «Enter Engineering» kompaniyasi xususiy sherik bo‘lgani ma’lum bo‘ldi.
Ushbu loyihaga yangi investorlarni jalb qilish rejalari haqida xabar berilgan.
Biroq ushbu jarayonlar fonida qator muhim savollar ochiq qolmoqda. Eng avvalo, Buxoro xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish va boshqarish bo‘yicha ilgari tendersiz tanlangan investor bilan tuzilgan shartnoma qachon va qaysi huquqiy asosga ko‘ra bekor qilingani noma’lum. Ushbu qaror tomonlar o‘rtasida rasmiy dalolatnoma bilan mustahkamlanganmi yoki yo‘q — bu ham ochiqlanmagan.
Shuningdek, o‘tgan ikki yil davomida avvalgi investor tomonidan amalga oshirilgan ishlar hajmi va qiymati haqida ham aniq ma’lumot yo‘q. Bu ishlar qaysi vakolatli organ yoki mustaqil baholovchi tomonidan tasdiqlangani, ular qanday moliyaviy ko‘rsatkichlar asosida baholanganiga oid savollar javobsiz qolmoqda. Shu bilan birga, davlat tomonidan loyiha doirasida amalga oshirilgan infratuzilma xarajatlari, shuningdek, berilgan bojxona va soliq imtiyozlari tufayli budjetga tushmay qolgan mablag‘lar miqdori ham ochiqlanmagan.
Yana bir muhim jihat — avvalgi investor zimmasiga yuklatilgan, ammo bajarilmay qolgan majburiyatlar bo‘yicha yakuniy moliyaviy hisob-kitoblar o‘tkazilganmi yoki yo‘q. Agar jarima, penya yoki boshqa majburiyatlar mavjud bo‘lsa, ularning taqdiri qanday hal etilgani ham noma’lum.
VAQT.UZ jurnalisti yuqoridagi savollarga oydinlik kiritish maqsadida Transport vazirligi matbuot kotibi Navro‘z Ashurmatovga so‘rov yuborgan. (Agar vazirlik matbuot xizmati so‘rovga rasman javob bersa, uni albatta e’lon qilamiz).
Shuningdek, «Avval iqtisod…» dasturida iqtisodchi Otabek Bakirov ham bu masalaga e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, ikki yil avval loyiha hech qanday tender va aniq mezonlarsiz davlat-xususiy sheriklik asosida investorga berilgan. Endi esa yangi tender e’lon qilinayotgani avvalgi bitim taqdiri ochiq qolganini anglatadi.
«Yangi tender e’lon qilinayotgan bo‘lsa, demak, oldingi shartnoma bekor qilingan bo‘lishi kerak. Ammo bu qanday asosda amalga oshirildi va hisob-kitoblar qanday yakunlandi — bu haqda jamoatchilikka hech qanday axborot berilmayapti», — deydi u.
Iqtisodchi, shuningdek, amalga oshirilgan ishlar qiymati masalasiga ham urg‘u beradi. Uning fikricha, agar avvalgi investor tomonidan ma’lum hajmda ishlar bajarilgan bo‘lsa, yangi investor kelganda bu aktivlar qanday baholanishi va qaysi qiymatda o‘tishi ochiq tushuntirilishi kerak.
«Bu oddiy loyiha emas. Gap mamlakatning eng yirik turistik markazlaridan biri — Buxoro aeroporti haqida ketmoqda. Shu sababli jamoatchilik bu jarayon bo‘yicha to‘liq va aniq axborot olishga haqli», — deya ta’kidlagan edi iqtisodchi.
Buxorodagi qurilish: Samarqanddagi xatolar takrorlanadimi?
Buxorodagi yangi aeroporti qiymati Samarqanddagidan qariyb uch barobar qimmatroq. Bunday ulkan tafovut esa tabiiy ravishda: «Nega aynan Buxoroda xarajatlar bunchalik yuqori?» degan haqli savolni o‘rtaga tashlaydi.

Samarqand aeroporti
Bu shubhalar shunchaki paydo bo‘lgani yo‘q, chunki Samarqand aeroporti misolida biz allaqachon muvaffaqiyatsiz tajribani ko‘rib ulgurdik. O‘shanda dastlab 62 million dollar deb baholangan loyiha qurilish jarayonida 82 million dollargacha ko‘tarilgan edi. Eng achinarlisi, mablag‘lar oshishi sifat yoki quvvatning oshishiga xizmat qilmadi: aeroportning yo‘lovchi o‘tkazish imkoniyati kutilgan 1200 kishidan 800 kishigacha pasayib ketdi. Ya’ni, davlat ko‘proq pul sarfladi, lekin yakunda kamroq samaradorlikka ega bo‘ldi. Bu holat loyihalashtirish va nazorat tizimida jiddiy nuqsonlar borligidan dalolat beradi.
Yana bir muhim jihat — loyihalarning ochiq tenderlarsiz amalga oshirilishidir. Vaqtida Transport vaziri Ilhom Mahkamov Samarqand aeroporti uchun tender o‘tkazilmasligini «vaqtdan yutish» istagi bilan izohlagan edi. Biroq amaliyot buning aksini ko‘rsatdi: loyiha baribir belgilangan muddatdan olti oyga kechikib topshirildi. Demak, ochiqlikdan voz kechish vaqtni tejashga emas, aksincha, jarayonning cho‘zilishiga va xarajatlarning nazoratsiz ravishda «shishib» ketishiga sharoit yaratdi.
Bugungi kunda Buxoro aeroporti loyihasi ham xuddi shunday shubhali ssenariy asosida davom etayotgandek taassurot uyg‘otmoqda. Agar avvalgi xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarilmasa, biz yana o‘sha eski muammolarga duch kelishimiz mumkin: xarajatlarning bosqichma-bosqich oshib borishi, qurilish muddatlarining cho‘zilishi va yakuniy natijaning sarflangan milliardlarga mos kelmasligi.
Avvalgi investor bilan tuzilgan kelishuv taqdiri ochiqlanmay turib yangi tender e’lon qilinishi — tizimda hisobdorlikning oqsayotganidan dalolat. Agar loyihaning har bir bosqichi, sarflanayotgan 226 mln dollarning asoslari va oldingi majburiyatlar bo‘yicha hisob-kitoblar jamoatchilikka tushuntirilmas ekan, bu loyiha iqtisodiy yutuq emas, balki navbatdagi tizimli muammo sifatida tarixda qoladi. Davlat mablag‘lari va strategik obyektlar ustidan nazorat faqat qog‘ozda emas, amalda shaffof bo‘lishi shart.
Teglar






