XVJ O‘zbekistonga budjet xarajatlarni oshirmaslik bo‘yicha yana ogohlantirdi

Bugun 14:313 daqiqa

Xalqaro valuta jamg‘armasi O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sish prognozi yaxshilanganini, biroq inflatsiya bo‘yicha kutilmalar yomonlashganini ma’lum qildi.

XVJ O‘zbekistonga budjet xarajatlarni oshirmaslik bo‘yicha yana ogohlantirdi © Yuri Gripas / Reuters

Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) O‘zbekiston iqtisodiyoti bo‘yicha yangi prognozini e’lon qildi. Unga ko‘ra, 2025 yilda mamlakat iqtisodiyoti «ta’sirchan barqarorlik» namoyon etgan. Iste’mol va investitsiyalar yuqori sur’atlarda o‘sgani natijasida real YAIM 7,7 foizga oshdi. Ishsizlik darajasi esa 5,5 foizdan 4,8 foizgacha pasaydi.

O‘sish keng qamrovli bo‘lib, eng yuqori sur’atlar xizmatlar sohasi va qurilish tarmog‘ida kuzatildi. Shu bilan birga, 2025 yil yakuniga kelib inflatsiya 7,3 foizgacha tushdi. Bu 2024 yildagi 9,8 foiz ko‘rsatkichdan ancha past. Bu holat energiya narxlari oshishining ta’siri kamayishi, so‘mning dollarga nisbatan 6,9 foizga mustahkamlanishi va qat’iy pul-kredit siyosati bilan izohlanadi.

Joriy operatsiyalar hisobvarag‘i taqchilligi YAIMga nisbatan 3,9 foizgacha qisqardi. Eksport hajmlari va pul o‘tkazmalari importdan yuqori bo‘ldi. Xalqaro zaxiralar 13 oylik importni qoplash darajasida saqlanmoqda. Davlat budjeti taqchilligi esa 2,1 foizgacha tushib, belgilangan 3 foiz maqsaddan past bo‘ldi.

Iqtisodiy o‘sish prognozi

XVJ prognoziga ko‘ra, 2026 yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sishi 6,8 foizni tashkil etadi. Bu avvalgi 6,2 foiz prognozdan yuqori. 2027 yilda esa o‘sish sur’atlari 6 foiz atrofida barqarorlashishi kutilmoqda. Bu jarayon investitsiyalar, pul o‘tkazmalari va oltin narxlari ta’sirida davom etadi.

Inflatsiya prognozi

Shu bilan birga, inflatsiya 2026 yilda 6,8 foiz darajasida saqlanib qoladi va Markaziy bankning 5 foizlik maqsadidan yuqori bo‘ladi. Bu asosan neft narxlarining yuqori bo‘lishi bilan bog‘liq. Biroq uning ta’siri tariflarni sekinroq oshirish va transport sohasiga vaqtinchalik subsidiyalar orqali yumshatilishi kutilmoqda.

XVJ qayd etishicha, inflatsiya 2027 yilda 5 foizlik maqsadga yetadi. Bunda qat’iy pul-kredit siyosati, islohotlar davomi va neft narxlarining pasayishi muhim omil bo‘ladi.

Xavflar

Jamg‘arma global noaniqliklar saqlanib qolayotganini ta’kidladi. Xususan, Yaqin Sharqdagi urushning davomiyligi va shiddati muhim omil bo‘lib qolmoqda. Bevosita ta’sir cheklangan bo‘lishi mumkin, ammo bilvosita ta’sirlar global iqtisodiyot orqali kuchayishi ehtimoli bor.

Tashqi xavflar geosiyosiy keskinlik, savdo uzilishlari va xomashyo narxlarining o‘zgaruvchanligi bilan bog‘liq. Ichki xavflar esa davlat xarajatlari orqali talabni sun’iy rag‘batlantirish, imtiyozli kreditlar va davlat korxonalari bilan bog‘liq moliyaviy tavakkalchiliklarni o‘z ichiga oladi.

Tavsiyalar

XJV hukumatga keng qamrovli subsidiyalardan voz kechishni tavsiya qildi. Bunday choralar katta xarajat talab qilishi, bozorda nomutanosibliklar keltirib chiqarishi va keyinchalik bekor qilinishi qiyin bo‘lishi mumkin. Shuning uchun qo‘llab-quvvatlash choralari faqat vaqtinchalik va aholining ehtiyojmand qatlamlariga qaratilgan bo‘lishi lozim.

Shu bilan birga, jamg‘arma budjet xarajatlari samaradorligini oshirishga qaratilgan islohotlarni davom ettirishni taklif qildi. Jumladan, davlat sektorida ish haqi fondini optimallashtirish, davlat korxonalarini qo‘llab-quvvatlashni bosqichma-bosqich qisqartirish, davlat xaridlari tizimini isloh qilish va ijtimoiy yordam dasturlarini birlashtirish zarur.

2027 yildan boshlab XVJ yangi budjet ko‘rsatkichini joriy etishni ham taklif qildi. Unga ko‘ra, umumiy defitsit limitiga qo‘shimcha ravishda mineral resurslardan tushumlarsiz hisoblangan birinchi darajali defitsit uchun alohida chegara belgilanishi kerak.

Teglar

Mavzuga oid