add

Buyuk Britaniya internetda fastfud reklamasini to‘liq taqiqladi

Kecha 08:182 daqiqa

Buyuk Britaniyada 5-yanvardan fastfud va nosog‘lom oziq-ovqat reklamasi internetda to‘liq taqiqlandi, televizion efirda esa faqat soat 21:00 dan keyinga ruxsat berildi.

Buyuk Britaniya internetda fastfud reklamasini to‘liq taqiqladi

Buyuk Britaniyada fastfud va sog‘liq uchun zararli oziq-ovqatlar reklama qilinishiga yangi qat’iy cheklovlar kuchga kirdi. Mamlakat Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya vazirligining ma’lum qilishicha, 5-yanvardan boshlab bunday mahsulotlar internetda umuman reklama qilinmaydi, televideniyeda esa faqat soat 21:00 dan keyin efirga uzatilishi mumkin.

Hukumat ushbu choralarni bolalar va o‘smirlarni noto‘g‘ri ovqatlanish targ‘ibotidan himoya qilish, shuningdek, semizlik darajasini kamaytirish maqsadida joriy etgan. Rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, cheklovlar yaqin yillarda ortiqcha vaznga ega bolalar sonini 20 ming nafarga qisqartirishga va sog‘liqni saqlash xarajatlarini 2 mlrd funt sterlingga kamaytirishga yordam beradi.

Britaniya Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, maktabga ilk bor borayotgan bolalarning 22 foizi ortiqcha vaznga ega. Maktabni tugatayotgan o‘quvchilar orasida esa bu ko‘rsatkich 35 foizdan oshib ketgan. 5–9 yoshli bolalar orasida shifoxonaga yotqizishning eng keng tarqalgan sabablaridan biri noto‘g‘ri ovqatlanish bilan bog‘liq tish kasalliklari hisoblanadi.

Davlat bolalar semizligiga qarshi kurash doirasida «sog‘lom ovqatlanish standarti»ni ham joriy etgan. Mahalliy hokimiyatlarga maktablar yaqinida fastfud oshxonalarini ochishni cheklash vakolati berildi. Vazir Eshli Dalton ta’kidlashicha, reklama cheklovlari ota-onalar va bolalar uchun sog‘lom tanlovni osonlashtiradi.

Shu bilan birga, 2018 yildan amal qilayotgan shirin ichimliklar aksizi endilikda sutli kokteyllar va boshqa shakarli mahsulotlarga ham tatbiq etiladi. Bundan tashqari, kofein miqdori yuqori bo‘lgan energetik ichimliklarni 16 yoshgacha bo‘lganlarga sotish taqiqlangan, elektron sigaretalar reklama qilinishi va ta’m qo‘shimchalari qo‘llanilishi ham cheklanmoqda.

Avvalroq Buyuk Britaniyada millionlab musulmonlar fuqarolikdan mahrum etilishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid