
Buyuk Britaniya Isroil bilan savdo muzokaralarini to‘xtatdi va sanksiya joriy etdi
21.05.2025 | 12:457253
Birlashgan Qirollik Isroilning G‘azodagi harbiy harakatlarini keskin qoralab, elchisini chaqirib oldi va ko‘chmanchilarga qarshi yangi sanksiyalar joriy etdi. Britaniya rahbariyati vaziyatni chidab bo‘lmas darajada deb baholamoqda.

Buyuk Britaniya Isroil bilan savdo kelishuvi bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatdi, o‘z elchisini chaqirib oldi va G‘arbiy Sohilda faoliyat yurituvchi yahudiy ko‘chmanchilarga qarshi yangi sanksiyalarni joriy qildi. Bu haqda BBS nashri xabar berdi.
Bu keskin qadamlar Isroil hukumati tomonidan so‘nggi 11 hafta mobaynida G‘azo sektoriga oziq-ovqat, yoqilg‘i va dori-darmon yetkazib berish to‘xtatilgani fonida amalga oshirildi. Global ekspertlar bu holat yaqin kelajakda kuchli ocharchilikka olib kelishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Britaniya, Kanada va Fransiya rahbarlari tomonidan e’lon qilingan qo‘shma bayonotda Isroil harbiy harakatlarini “qo‘rqinchli” deb baholab, zudlik bilan insonparvarlik yordamini G‘azoga kiritish talab qilindi.
Qirollik bosh vaziri Kir Starmer o‘z bayonotida vaziyatni «chidab bo‘lmas» deb atadi va gumanitar yordam yetkazib berish jarayonini tezlashtirish zarurligini ta’kidladi.
Isroil tashqi ishlar vazirligining matbuot kotibi esa bu bosimlarga javoban mamlakat o‘z xavfsizligini himoya qilishdan to‘xtamasligini bildirdi.





