
Buyuk Britaniya Isroilga rekord miqdorda qurol sotdi
08.10.2025 | 11:4812554
London 2025 yilda Isroilga qariyb 1 million funtlik qurol va harbiy jihozlar eksport qilib, so‘nggi yillardagi eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi.

Buyuk Britaniya 2025 yilda Isroilga qurol-yarog‘ sotish bo‘yicha tarixiy rekordni o‘rnatdi. Channel 4 telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, yilning dastlabki to‘qqiz oyida London Tel-Avivga taxminan 1 million funt sterling (qariyb 1,2 million yevro) qiymatida harbiy mahsulot yetkazib bergan.
Bu ko‘rsatkich avvalgi yillarga nisbatan deyarli ikki baravar yuqori bo‘lib, Britaniyaning Isroilga qurol eksport sohasidagi faoliyati oxirgi yillardagi eng yuqori darajaga chiqqanini ko‘rsatadi. Iyun oyida 400 ming, sentyabrda esa 310 ming funtlik qurol savdosi amalga oshirilib, bu ikki oy rekord sathdagi faol savdo davri bo‘lgan.
Sotilgan mahsulotlar orasida bomba, granata, torpeda, raketa va o‘q-dorilar mavjud ekani aytilgan. Avgust oyida 150 ming funtlik eksport amalga oshirilib, uning 20 ming funtini o‘q-dorilar tashkil etgan. Biroq bu qurollar aynan kimga yetkazilgani yoki boshqa mamlakatlarga qayta sotilgani haqida aniq ma’lumot berilmagan.
Britaniya hukumati o‘z bayonotida «Biz G‘azo yoki G‘arbiy sohildagi harbiy amaliyotlarda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan qurol-yarog‘larni Isroilga sotmaymiz. Eksport qilingan mahsulotlar fuqarolik maqsadlariga xizmat qiladi yoki qayta sotilishi mumkin», deb ta’kidlagan. Shu bilan birga, hukumat qurol savdosidagi nazorat tizimi qattiq ekanini va eksport qilingan mahsulotlar G‘azodagi mojaroni kuchaytirmasligini qayd etgan.
Isroil rasmiylari esa moliyaviy va soliq qonunlari sababli tafsilotlarni ochiqlamasligini bildirib, sotilgan mahsulotlar qurol yoki o‘q-dori emasligini aytib o‘tdi.
Ma’lumot uchun, Britaniya 2024 yilda Isroilga berilgan 30 ta qurol eksport litsenziyasini to‘xtatgan edi. Biroq 2025 yil iyuliga kelib bu raqam 347 taga yetgan. London bu mahsulotlar mudofaa maqsadida yetkazib berilayotganini ta’kidlamoqda. Shuningdek, Britaniya Isroil foydalanayotgan F-35 samolyotlarining ayrim qismlarini ham ishlab chiqaradi, ammo ular global dastur doirasidagi mahsulot sifatida hisoblanadi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri Isroilga sotilmaydi.





