Cobalt sotuvi to‘rtdan birga qisqarib ketdi

Kecha 13:191 daqiqa

2026-yilda ham UzAuto Motors’ning bozordagi ulushi qisqarishda davom etmoqda. BYD sotuvi sezilarli oshdi.

Cobalt sotuvi to‘rtdan birga qisqarib ketdi

O‘zbekistonda 2026-yilning yanvar–fevral oylarida ishlab chiqaruvchilar tomonidan jami 57 512 dona avtomobil sotildi. Bu haqda UzAuto Motors xabar bermoqda.

Yil boshida sotilgan avtomobillarda UzAuto Motors kompaniyasining ulushi 52 foizni tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 0,3 foizga kamroq.

1

Mahalliy avtomobil bozoridagi o‘sish 14,2 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, UzAuto Motors’da bu raqam 13,5 foiz bo‘ldi. Bu davrda BYD Uzbekistan 61 foizlik keskin o‘sishni ko‘rsatdi.

Shunga qaramay, UzAuto Motors hamon mahalliy bozorning yarmidan ko‘pini egallab turibdi. Biroq statistika e’lon qilish boshlangan 2024 yil o‘rtasida kompaniyaning bozordagi ulushi 89 foiz edi.

Avtomobillar sotuvi qanday bo‘lyapti?

Ikki oy davomida 2025-yilga nisbatan Cobalt sotuvi 25,1 foizga, ya’ni to‘rdan birga qisqarib ketdi — 15 mingdan oshiq avtomobil sotildi. Ammo Cobalt hamon eng ommabop avtomobil sifatida o‘z o‘rnini saqlab turibdi.

2

Shuningdek, BYD Song Pro DMI (-83 foiz), Kia Sorento (-56 foiz) va Malibu (-52 foiz) sotuvi solishtirilayotgan davrda sezilarli kamaydi.

Eng katta o‘sish esa BYD Yuan Up’da kuzatildi — 530 foiz. O‘tgan yil boshida bu rusumdagi avtomobillardan 216 dona sotilgan bo‘lsa, 2026 yilda 1 360 dona sotildi.

Bundan tashqari, Onix (+223 foiz) va Tracker (+133 foiz) ham sezilarli o‘sish qayd etdi.

Statistikada faqat O‘zbekistonda yig‘ilgan yoki ishlab chiqarilgan avtomobillar inobatga olingan.

Teglar

Mavzuga oid